17 sentabr kuni Moliya vazirligi «Tashabbusli budjet» loyihasining 2022 yil 2-mavsumi yakunlanganligini ma’lum qildi.

Ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 1418 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun esa 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltiriladi.

«Hududlarda odamlar yakuniy natijalar rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, yig‘ilgan ovozlar sonidagi farqqa qarab bayram qilishni boshlab yubordi. Loyiha xalqni o‘z shaxsiy manfaatlari uchun emas, balki jamoat manfaatlari uchun bir maqsad yo‘lida birlashishga o‘rgatgan loyiha bo‘lib tarixga kiradi hali», — deb yozadi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tashabbusli budjet» jarayoni tugagunga qadar fuqarolar o‘z loyihalari uchun ko‘proq ovoz to‘plash maqsadida turli usullardan foydalanayotgani haqida yozgan edik. Jumladan, tekinga salqin ichimliklar ulashilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda pul evaziga ovoz yig‘ib beruvchilar ommalashgan. «Gazeta.uz» ulardan bir nechtasini jamlagandi. Shundan so‘ng, Moliya vazirligi holatga munosabat bildirib, ovozlar qayta tekshirib chiqilishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, loyihaning birinchi mavsumi quyidagicha o‘tgandi:

  • 1 fevral — 22 fevralda batafsil ko‘rinishda tashabbus qoldirildi;
  • 23 fevral — 4 mart oralig‘ida tashabbuslar moderatsiya qilindi;
  • 5 mart — 1 aprel davrida saralangan tashabbuslar bo‘yicha fuqarolarning ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

1 aprel kuni «Tashabbusli budjet» loyihasining ilk mavsumi yakunlandi hamda g‘oliblar e’lon qilindi. Natijalarga ko‘ra, ushbu mavsum davomida fuqarolar jo‘natgan jami 70 mingga yaqin tashabbusdan 2215 tasi g‘olib bo‘ldi. Ushbu loyihalarga ovoz berish jarayonlarida esa 6,7 mln dan ko‘proq aholi ishtirok etdi. G‘olib deb topilgan tashabbuslarning 34 foizi umumta’lim maktablarini ta’mirlash loyihalari bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, tashabbusli budjetlashtirish yoki partisipator budjetlashtirish — bu aholining budjet mablag‘larining aniq qismlarini sarflash maqsadida tashabbuslarni ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi. «Gazeta.uz» mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanma tayyorlagandi.