Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yo‘l-patrul xizmati inspektori haydovchini haqorat qilayotgan holati aks etgan videotasvir yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarmoqlarda tarqalgan 17 sekundlik videodan xodim haydovchini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani, «qo‘rqmasdan suratga olishi» mumkinligini ta’kidlagani tasvirlangan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat 25 aprel kuni Buvayda tumanida sodir bo‘lgan. YPX inspektori A.K va «Spark» avtomobili haydovchisi o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga kelgan. Haydovchi M.Q.ning Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i nomiga qilgan arizasiga asosan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv yakuniga ko‘ra, YPX inspektori safdor A.K. 8 may kungi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan egallab turgan lavozimida ozod etilgan.