15−17 iyul kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha haroratning asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

Bugun va ertaga respublika bo‘yicha havo harorati +36…+41 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +42…+43 darajagacha bo‘ladi.

Yakshanba kuni issiqning oshib borishi davom etadi, shu kuni termometr ustuni ba’zi joylarda +40…+43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 45 daraja issiqgacha ko‘tariladi.

Issiq havo kirib kelishi shamolning kuchayishi bilan qayd etiladi, deyiladi xabarda.

Bugun va ertaga respublikaning shimoliy hududlarida, shuningdek Buxoro va Navoiy viloyatlarining cho‘l hududlarida, yakshanba kuni esa respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15−20 m/s gacha kuchayishi kuzatiladi.

17 iyulda ayrim joylarda shamol 22−25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Avvalroq, 17−22 iyul kunlari O‘zbekistonning turli hududlarida havo xarorati +41 darajadan +47 darajagacha, xususan, Toshkent shahrida +45 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida yozgandik.