2022/2023-o‘quv yili uchun xorij hamda respublikadagi OTMlar o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar onlayn qabul qilinadi, deb xabar berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

O‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha arizalar quyidagi elektron tizimlar orqali qabul qilinadi:

  • transfer.edu.uz — respublikaning bir OTMdan boshqa OTMga yoki bir OTM doirasida;
  • my.dtm.uz — xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan.

Qabul 2022 yil 15 iyuldan 5 avgustgacha (shu kuni ham) davom etadi.

Kerakli hujjatlar:

  • ariza (onlayn tarzda)
  • transkript yoki reyting daftarchasi (JPG yoki PDF shakli)
  • akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun).

Vazirlik joriy yildan boshlab faqat 2 toifadagi talabalar (turmush qursa yoki davlat xizmatchisining ishi boshqa joyga o‘tganda)ga ichki «perevod» uchun o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilishini eslatib o‘tdi.

Xorijdan o‘qishni ko‘chirishda esa eski tartib saqlanib qolgan:

  • mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda o‘tish balini to‘plash talab etiladi;
  • o‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi;
  • xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim vazirligi xorijdan o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida testlar yakuniga yetgach, hujjatlar qayta tekshirilishi haqida ogohlantirdi. Agarda ushbu jarayonda soxta hujjatlar aniqlangan, oliy ta’lim muassasasida qarzdorliklar mavjud bo‘lsa, talaba o‘tish balidan yuqori ball to‘plagan taqdirda ham unga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.