13 iyun kuni ertalab Human.uz sayti rahbari Xurshid Daliyev nashr jurnalisti Javohir Abdullayevning «Yangi bozor»dagi shakar savdosini telefon orqali tasvirga tushirishiga Andijon ichki ishlar organlarining Ilyos ismli xodimi to‘sqinlik qilgani haqida xabar berdi.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimi suratga olish noqonuniy ekanligini aytib, kuch ishlatgan va mobil qurilmani olib qo‘ygan. Jurnalistga kuch ishlatilgan payt ham holat videoga olingan va xodim jurnalistdan yozuvni o‘chirib tashlashni talab qilgan.

Voqea yuzasidan O‘zbekiston IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, «shakar sotish jarayonida fuqaro J.Abdullayev odamlarni navbatini va o‘zaro gap talashayotganliklarini tasvirga olish vaqtida, fuqarolar tomonidan ularni yuzlarini tasvirga olishiga e’tiroz bildirilib, huquqlarini poymol qilmasdan tasvirni o‘chirib tashlash talab qilingan».

«Jamoat tartibini buzilishini oldini olish maqsadida, bozor hududiga biriktirilgan ichki ishlar organlari xodimi tomonidan fuqaro J.Abdullayevga fuqarolarni roziligisiz ularni tasvirga olmaslik tushuntirilgan», — dedi IIV matbuot kotibi.

Hozirda, shakarga navbatda turgan «fuqarolar va J.Abdullayev o‘rtasidagi ziddiyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea ishtirokchilari IIBga olib borilgan», deya qayd etdi u.

Xurshid Daliyev bunga javoban jurnalist suratga olishni boshlashi bilan ichki ishlar xodimi telefonni tortib olganini ma’lum qildi. Fuqarolarning hech biri organ xodimiga jurnalistning xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilmagan, buni videoyozuv ham isbotlash mumkin, «agar majburan va qonunga xilof tarzda o‘chirtirilmasa». Bundan tashqari, fuqarolar va jurnalist o‘rtasida hech qanday nizo bo‘lmagan, dedi u.

«Vazirlik matbuot xizmati (IIV — tahr.) qachongacha xodimlari uchun advokatlik vazifasini bajaradi? Xodimlari deganiga emas, videoisbotga (agar o‘chirtirishmasa) ishonishsa bo‘lmaydimi?» — deydi sayt rahbari.

Uning qayd etishicha, bozordagi bir qancha xaridorlar va sotuvchilar ham telefonni tortib olinganiga guvoh bo‘lishgan va shakar muammosini yoritishni o‘zlari so‘rashgan.

Soat 11:32 da Xurshid Daliyev telefon haligacha jurnalistga qaytarilmaganini aytdi va 12:31 da u bilan aloqasi yo‘qligi sababli xodimidan xavotirda ekanligini yozdi. Soat 13:30 da sayt rahbari jurnalistga telefon qaytarilgani va u bog‘langanini xabar qildi.

Javohirbek Abdullayevning soat 14:00 da yozishicha, «IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning bayonotidan farqli ravishda ayni vaziyatda jabrlanuvchi u ekanligi tasdiqlanib, qo‘yib yuborilgan».

U shuningdek, vaziyatga befarq bo‘lmay, zudlik bilan matbuotda yoritgan barcha bloger va jurnalistlarga minnatdorchilik bildirgan. Qolaversa, «barcha jurnalist va blogerlar doimo shunday bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashini va qonunlar doimo ishlashini tilab qolgan».

Munosabatlar

Deputat Rasul Kusherboyev holatga munosabat bildirar ekan, jurnalist voqea xodisalarni tasvirga olishda umumiy fondagi fuqarolarning har birini yuzini tasvirga tushishiga ulardan ruxsat olishi qonunda yo‘qligini ta’kidladi.

«Kimki istamasa, kameradan yuzini burishi mumkin. Yoki video tarqatilishidan oldin jurnalistdan o‘zining yuzini ko‘rsatmaslikni so‘rashi mumkin. Axborot to‘plab, tarqatish jurnalistning professional faoliyati hisoblanadi. Fuqaroning so‘rovi qoniqtirilmagan taqdirda fuqaro bu bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qilishga haqli», — dedi deputat.

U jurnalistdan videoyozuv moslamasini olib qo‘ygan xodimlarning qilmishlarini Ichki ishlar vazirligining oqlashini «absurd va mantiqsiz», deb atadi.

«Bunday uslub ichki ishlar tizimi obro‘sini oshirmaydi, bil’aks to‘kadi. Balki vazirni shaxsan o‘zlari bunga e’tibor qilishi kerakdir», — qayd etdi parlament a’zosi.

Dushanba kuni ertalab Sevimli telekanali tasvirchisi ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklangani ehtimoli haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda telekanalning o‘zi ma’lum qildi, biroq Shohrux G‘iyosov Ichki ishlar vazirligi nomidan bu ma’lumotni rad etib, olomon ichidagi janjal oqibatida tasvirchi jarohatlanganiga ishontirishga urindi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov jurnalistlar bilan bo‘lgan har ikki hodisaga izoh berar ekan, IIV nima bo‘lganiga oydinlik kiritib, aybdorlarni jazolashi kerakligini qayd etdi.

«Bezorini matbuotdan ajrata olmaydigan [IIB] xodimlar faqat tizim uchun zarar», — dedi u.

Komil Allamjonov, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (bir vaqtlar u rahbarlik qilgan) va Jurnalistlar uyushmasini jurnalistlar huquqlarini himoya qilishda faol bo‘lishga chaqirdi.

Avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Sevimli operatori bilan yuz bergan hodisani qoralab, barcha davlat idoralarini jurnalistlarni hurmat qilishga chaqirgandi.