«O‘zbekneftgaz» ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan neft mahsulotlariga nisbatan aksiya solig‘i stavkalarining miqdori oshishi ortidan 1 iyun kunidan avtobenzin narxining oshishi haqidagi xabarlarni asossiz deb izohladi.

2021 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi [O‘RQ-741-son] qonunga muvofiq quyidagi neft mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga joriy yil 1 iyundan o‘zgartirishlar kiritilmoqda:

a) neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • 1 tonna Ai-80 markali avtobenzin: amalda — 240 ming so‘m, 1 iyundan — 275 ming so‘m (o‘zgarish 35 ming so‘m yoki 15%);
  • 1 tonna Ai-90 va undan yuqori markali avtobenzin: amalda — 275 ming so‘m, 1 iyundan — 275 000 ming (o‘zgarishsiz);
  • 1 tonna dizel yoqilg‘isi: amalda — 240 ming so‘m, 1 iyundan — 264 ming so‘m (o‘zgarish 24 ming so‘m yoki 10%);
  • 1 tonna EKO dizel yoqilg‘isi: amalda — 216 ming so‘m, 1 iyundan — 237 600 so‘m (o‘zgarish 21 600 so‘m yoki 10%).

b) yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • benzin: amalda — 465 530 so‘m/tonna yoki 350 so‘m/litr, 1 iyundan — 512 ming so‘m yoki 385 so‘m/litr (o‘zgarish 46 470 so‘m yoki 35 so‘m/litr yoki 10%);
  • dizel yoqilg‘isi: amalda — 425 918 so‘m/tonna yoki 350 so‘m/litr, 1 iyundan — 468 ming so‘m/tonna yoki 385 so‘m/litr (o‘zgarish 42 082 so‘m yoki 35 so‘m/litr yoki 10%).

«Yuqoridagi o‘zgarishlar AI-80 benzini misolida ko‘rilganida, AYOQSHlarda o‘rtacha narx tarkibidagi mavjud soliq va boshqa majburiy to‘lovlar o‘rtacha 71 so‘mgacha (QQS bilan) bo‘lgan miqdorda chakana narxiga ta’sir qilishi mumkin», — deyiladi «O‘zbekneftgaz» xabarida.

Shunga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi UNG Petro AYOQSHlarida 1 iyundan aksiz soliqlari bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgarishlar hisobiga bugungi kunda 1 litri 6800 so‘mni tashkil qilayotgan Ai-80 markali avtobenzinning chakana narxi oshmaydi.

Eslatib o‘tamiz, dekabrdan beri ilk bor «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mgacha (4,3%) ko‘tarilgandi. Kompaniya buni import qilinayotgan 30 foiz neft mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxi oshgani bilan izohlagandi.