Bugun, 27 may kuni mamlakat hududiga Volga bo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

Respublika bo‘yicha qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘ladi. Kunduz kuni havo harorati +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi.

28 may, shanba kuni faqat Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi va ertalab, Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa kechasi va kun davomida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Respublikaning barcha hududlari sovuq antitsiklon ta’siri ostida bo‘ladi, buning hisobiga harorat foni iqlim me’yoridan +6…+9 darajaga past bo‘ladi va +21…+26 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

29 may, yakshanba kuni hududning katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatida hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechqurun momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Kechasi havo harorati +10…+15 darajagacha pasayadi, kunduzi esa +23…+28 darajagacha ko‘tariladi.

27−29-may kunlari respublika bo‘ylab ba’zi joylarda shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi, ba’zi tumanlarda chang-to‘zon tushishi kutilmoqda.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 27−29 may kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 27−28 may kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.