«Gazeta.uz» 2022 yil 1 maydan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari kuchga kirdi

Vazirlar Mahkamasining 12 apreldagi [172-son] qarori bilan Yo‘l harakati qoidalari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, aholi punktlarida transportlarning tezligini soatiga 70 kmdan, maktab va bog‘chalar atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha masofada 30 kmdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kmdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Bunda prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilgan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi respublika komissiyasi qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 km etib belgilanishi mumkin. Shu va boshqa o‘zgartishlar haqida «Gazeta.uz» qator (1, 2, 3) xabarlarni e’lon qilgandi.


2. Pensiya va nafaqalar 12 foizga oshirildi

Prezidentning 29 apreldagi [PF-128-son] farmoniga asosan 1 maydan boshlab pensiya va nafaqalar 12%ga oshiriladi.

O‘zbekiston hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 324 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 000 so‘m;
  • nogironlik pensiyalari, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 000 so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 000 so‘m etib belgilanishi ko‘rsatilgan;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 500 000 so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m etib belgilandi.

3. Old o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqishi shart

1 maydan kuchga kiradigan yangilangan O‘zbekiston Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, transport vositalarining old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchilar xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart bo‘ladi.

18 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV vakili Aziz Rahmatullayev yo‘lovchining o‘zi xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimani to‘lashini, chunki qoidabuzar uning o‘zi ekanligini aytgandi.


4. Pensiyani plastik kartaga oluvchilarga 1 foiz qo‘shimcha pul beriladi

Prezidentning 7 apreldagi [PQ-198-son] qaroriga muvofiq, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritilganlarga va jazoni o‘tab ozodlikka chiqqan fuqarolarga beriladigan to‘lovlar har oyning 5-sanasigacha moliyalashtiriladi hamda AT «Xalq banki»ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi.

«Xalq banki» tomonidan pensiya, nafaqalar va moddiy yordamni fuqarolarga naqd yetkazish xizmatlari uchun Pensiya jamg‘armasi va budjetdan 1 foiz bankka xizmat haqi to‘lab beriladi. Pensiya, nafaqa, kompensatsiyalar va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi.


5. Migrantlar va ularning oila a’zolariga moddiy yordam beriladi

Prezidentning 1 martdagi [PQ-149-son] qarori bilan muvofiq, har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan:

  • boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.

Shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki «daftarlar»dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.


6. Xalqaro aeroportlarda aviaspottingga ruxsat beriladi

Hukumatning 26 yanvardagi [43-son] qarori asosida 1 maydan O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda avispotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Respublikadagi barcha xalqaro aeroportlarda, ularga tutash hududlarda aviaspotting mashg‘ulotlari uchun ixtisoslashtirilgan joylar (kuzatish maydonchalari) bosqichma-bosqich ajratiladi.

1 maydan mahalliy havaskorlar va professional aviaspotterlar uchun har choraklik mavsumiy tanlovlar, shuningdek, har yilgi tanlovlar ta’sis etiladi hamda tashkil qilinadi.

1 maygacha birinchi bosqichda Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti va «Samarqand» xalqaro aeroportida, 2022 yil 1 iyuldan — qolgan barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shug‘ullanish uchun kuzatish maydonchalari to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.


7. Yoshlarning turizm yo‘nalishidagi tashabbuslariga 50 mln so‘mdan grant ajratiladi

Prezidentning 15 yanvardagi [PF-52-son] farmoniga ko‘ra, 1 maydan yoshlarning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir tashabbuskorga 50 mln so‘m miqdorida jami 10 mlrd so‘mgacha grantlar ajratiladi.

Bunda grant mablag‘lari:

  • onlayn to‘lovlarni qabul qiluvchi veb-sayt yaratishga, xorijdagi turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etishga yo‘naltiriladi;
  • grant mablag‘lari xorijdan O‘zbekistonga 3 yil kamida 200 nafar turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan ajratiladi.

8. Mahalladagi xotin-qizlar faolining maoshi xonadonlar soniga mutanosib belgilanadi

Prezidentning 1 martdagi [PQ-146-son] qaroriga ko‘ra, 1 maydan mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravari (2 mln 877 ming so‘m) miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — MHTEKMning 4 baravari (3 mln 288 ming so‘m) miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — MHTEKMning 4,5 baravari (3 mln 699 ming so‘m) miqdorida.

9. Xorijliklardan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sotib olishda yashash guvohnomasi talab etilmaydi

Prezidentning 8 apreldagi farmoniga muvofiq, chet el fuqarolariga O‘zbekistonda ko‘chmas mulk olish tartibi yengishllashtirildi.

Ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

  • Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari;
  • boshqa hududlarda — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 ming AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 85 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari.

Bunda, mazkur ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.


10. «Avtomobil tarixi» xizmati yo‘lga qo‘yildi

Hukumatning 9 martdagi [106-son] qarori bilan «Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YAIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida avtotransportning bosib o‘tgan masofasi haqidagi ma’lumotlar, jumladan, texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.


11. Yagona tergov axborot tizimining sinov versiyasi ishga tushiriladi

Prezidentning 28 yanvardagi [PQ-105-son] qaroriga asosan surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini raqamlashtirish va ishni sudga qadar yuritish bo‘yicha «Elektron surishtiruv va dastlabki tergov» axborot tizimi joriy etiladi. Tizimdagi jismoniy va yuridik shaxslarga oid ma’lumotlar surishtiruv va tergov organlarining so‘roviga ko‘ra taqdim etiladi.

Majburiy ijro byurosining 1 maydan Yagona tergov axborot tizimi sinov versiyasi, 2022 yil 1 avgustdan to‘liq versiyasi ishga tushiriladi.