Prezident «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunga ko‘ra, mikromoliya tashkiloti, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti nobank kredit tashkilotlari hisoblanadi.

Mikromoliya tashkilotlari tadbirkorlarga kreditlar (300 mln so‘mgacha), lizing, kafolatlar berishi, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, qonun bilan nobank tashkilotlar islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishi mumkinligi belgilandi. Unga ko‘ra, islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar — islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga muvofiq Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan moliyaviy xizmatlar hisoblanadi.

Lombardlar garov evaziga qisqa muddatli (1 yilgacha) mikroqarzlar (50 mln so‘mgacha) beradi.

Nobank kredit tashkilotlari ishlab chiqarish, sug‘urta, savdo faoliyatini amalga oshirishga va omonatlarni (depozitlarni) jalb etishga haqli emas.

Mikromoliya tashkilotining yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotining faoliyati tegishli reyestrlarga kiritish vositasida hisob ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Lombard faoliyati lombard faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risidagi xabarnoma qabul qilingani Markaziy bank tomonidan tasdiqlanganidan keyin amalga oshiriladi.

Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun 2022 yil 21 apreldan rasman kuchga kirdi.