19 aprel kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «Yandeks Taksi»ning MDH davlatlari bo‘yicha boshqaruv direktori Kiril Svinsov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda bir nechta muhim masalalar muhokama qilingan. Jumladan, AKT vaziri tomonidan «Yandeks Taksi»ni IT Park rezidentiga aylantirish bo‘yicha takliflar berilgan.


«„Yandeks Taksi“ bugungi kunda O‘zbekiston bozoriga shiddat bilan kirib kelayotgani, aholi vakillari uchun qulayliklar taqdim etayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, kompaniya O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirib, uni viloyatlar markazlarida ham keng joriy etayotgani quvonarli ekani aytib o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Avvalroq, AKT vazirligi Microsoft kompaniyasiga O‘zbekistonda ofis ochishni taklif qilgani haqida yozgan edik.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi IT-kompaniyalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Xususan, IT-park rezidentlari hisoblangan IT-kompaniyalar 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan. IT-kompaniyalar eksport faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan xodimlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatiga ham ega.

IT-park rezidentlari qayerda joylashgan bo‘lishidan qat’i nazar, butun mamlakat bo‘ylab o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi ham bekor qilingan.