16 aprel kuni O‘zbekiston professional boks federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.

Yig‘ilishda federatsiya Ijroiya qo‘mitasining yangi tarkibi tasdiqlandi.

Unda hozirda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) bosh kotibi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Umid Yakubov O‘zbekiston professional boks federatsiyasi prezidenti etib saylandi.

Tajribali mutaxassis, tadbirkor G‘ofur Rahimov birinchi vitse-prezident lavozimini egalladi. Shuningdek, Ziyovuddin Xojiniyozov federatsiya vitse-prezidenti bo‘ldi. Ular vazifalariga jamoatchilik asosida saylanishdi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, G‘ofur Rahimov 2018 yilning noyabridan 2019 yilning iyuliga qadar Xalqaro boks assotsiatsiyasi AIBA rahbarlik qilgandi. Ungacha AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlar nazorati departamenti uni sanksion ro‘yxatga kiritgan edi. Shuningdek, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi uning o‘z nomzodini ushbu lavozimga ilgari surishi boks olimpiya maqomini saqlab qolish masalasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.