Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdagi yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston sudining raisini tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.

Sudyalar oliy kengashining O‘zbekiston prezidenti bilan kelishilgan xulosasi asosida Jo‘qorg‘i Kenges raisining taklifiga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi lavozimiga Kamal Tarixovning nomzodi qo‘yildi.

Deputatlar mazkur lavozimga Kamal Tarixov nomzodini ma’qulladi. Shunga ko‘ra, uni mazkur lavozimga tayinlash va amaldagi sud raisi Gulnara Bazarbayevani ishdan bo‘shatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Kamal Tarixov bunga qadar Qoraqalpog‘iston sudi raisining fuqarolik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Gulnara Bazarbayeva 2021 yil fevral oyida ushbu lavozimga tayinlangandi. O‘shanda Jinoyat, iqtisodiy va fuqaroliq sudlari birlashtirilgan edi.