Hindistonlik tijoratchi Pokiston va Afg‘oniston orqali birinchi marta O‘zbekistonga tijoriy yuk jo‘natdi. Bu haqda Spot The Tribune India nashriga tayanib xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 16 mart kuni 140 tonna yuk — asosan shakar ortilgan yuk mashinalari karvoni Kobuldan Toshkentga yo‘l oldi. Bungacha yuk Hindiston Mumbay shahridan dengiz orqali Karachiga, so‘ngra Pokiston orqali Torxamga o‘tib, Afg‘oniston chegarasini kesib o‘tgan.

Ushb jo‘natma hindistonlik xususiy tadbirkor tomonidan tashkil etilgan. Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda imzolangan ikki tomonlama tranzit savdo shartnomasiga muvofiq, tijorat yuklari shu oy boshida Pokistonning Karachi dengiz porti orqali o‘tib, O‘zbekiston importchisiga yetkazilgan, dedi pokistonlik rasmiy.

«O‘zbekistonga yo‘l olgan Hindiston tijoriy jo‘natmalari kelishuv bo‘yicha xususiy tadbirkorlik faoliyati bo‘lib, to‘rtta davlatning hech birida hukumat ishtirokisiz amalga oshirildi», — dedi u.

Kobulda Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumatining sanoat va savdo vazirligi Hindiston tovarlari tranzitini osonlashtirish maqsadida maxsus marosim uyushtirib, Afg‘oniston tomoni buni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

«Endi bu muntazam faoliyatga aylanadi va O‘zbekiston Pokiston dengiz portlari orqali istalgan joydan tovarlarni olib kirishi mumkin bo‘ladi», dedi o‘zini oshkor qilmagan pokistonlik mulozim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» hukumati savdo faoliyatini osonlashtirishi shart, chunki Afg‘oniston kabi dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan O‘zbekiston ham xalqaro savdoni amalga oshirish uchun Pokiston portlariga kirish huquqiga ega.

Janubga yo‘l

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuklarni yetkazib berishning janubiy yo‘nalishi ishlab chiqilmoqda — portlarga yetib borish tezroq va arzonroq.

Spot nashrining yozishicha, 2021 yilning noyabrida O‘zbekistondan ilk tranzit yuk Pokistonga yetib kelgan. Pokiston tomoni buni «yangi hamkorlik davrining boshlanishi» deb ta’riflagan.

Ko‘p o‘tmay Pokiston O‘zbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartiblarini soddalashtirdi. Jumladan, yuk mashinalari mamlakatga kirish to‘lovi bo‘yicha garov puli to‘lamasdan kirishi mumkin. Bu Gvadar, Karachi va Qosim portlari orqali kiruvchi va chiquvchi yuklarning tranzitini kengaytiradi.

Biroq Afg‘onistondagi vaziyat masalani murakkablashtirmoqda. O‘zbekistonlik yetkazib beruvchilarning ta’kidlashicha, avval poraxo‘rlik ,"Tolibon" kelganidan keyin esa inspektorlarning kasbiy mahorati yo‘qligi Afg‘oniston bojxonasidan o‘tishni qiyinlashtirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev transafg‘on temir yo‘lining qurilishi O‘zbekiston uchun qo‘shimcha bozorlar paydo bo‘lishi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar tannarxining 60−70 foizga kamayishiga imkon yaratishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati bilan «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «„Tolibon“ rahbariyati ham bu loyiha amalga oshishiga astoydil roziligini bildiryapti».

23 fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Unda Afg‘oniston orqali o‘tayotgan transport vositalari va yuklar harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqishga kelishilgan. Afg‘on tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.