5 martga qadar Ukrainadan jami 3245 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilinib, 14 ta aviareys yordamida Vatanga qaytarildi. Bu haqda TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 4−5 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 666 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga olib kelingan. Ular orasida 89 nafar ayol kishi, 59 nafar voyaga yetgaman shaxs va 8 nafar chaqaloq bo‘lgan.

5 mart kuni ham qator reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonnig Kiyev shahridagi elchixonasi sa’y-harakatlari bilan Truskavets shahrida davolanayotgan 20 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingan.

«O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vatandoshlar bilan doimiy muloqot olib bormoqda. Diplomatlar Ukrainaning turli nuqtalarida, shu jumladan, jang harakatlari davom etayotgan hududlarda bo‘lib, fuqarolarimizni evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqdalar», — deyiladi xabarda.

Shu qatorda Sumi viloyati ma’muriyati bilan bu yerdagi oliygohlarda o‘qiyotgan 25 nafar talabani olib chiqish uchun «yashil yo‘lak» ochish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Avvalroq, Ukrainadan Polsha chegarasiga kiraverishda uch nafar o‘zbekistonlik yo‘l transport hodisasiga uchragani haqida yozgandik. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanovning ma’lum qilishicha, ulardan biri vafot etgan, qolgan ikki nafari esa Lvovdagi shahar kasalxonasiga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, 4 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar O‘zbekistondagi OTMlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qilgandi. «Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqda va shundan 200 ga yaqini Vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin 1 haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.