Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar O‘zbekistonda ta’lim olishi uchun sharoitlar yaratilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Bugungi kunda Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqda va shundan 200 ga yaqini Vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin 1 haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rayapmiz», — dedi davlat rahbari.

Ushbu talabalarning aksariyati tibbiyot, transport, aviatsiya, iqtisodiyot, muhandislik, IT yo‘nalishlarida o‘qishmoqda.

Oliy ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, viloyat hokimlari boshchiligida komissiya tashkil etilishi belgilandi.

Komissiya bir hafta muddatda Ukrainadan qaytgan talabalarni o‘zimizdagi oliygohlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi, deyiladi xabarda.

Bunda, Komissiya o‘qishni O‘zbekistonda davom ettirish istagi bo‘lgan talabalarni soddalashgan tartibda ko‘chirishni hal etadi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha rahbarlari va hokimlarning axboroti tinglandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bundan buyon barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Markaziy bank tajribasi asosida Iqtisodiyot, Moliya, Qurilish, Energetika, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari 3−4 kurs talabalarni haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qiladi. Amaliyot yakunida ularga doimiy ish taklif qilinadi.

Qolaversa, 100 mingga yaqin talaba ishlashni xohlashini, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni borligini aytildi. U talabalar bilan ishlamagani uchun hokim va rektorlarni tanqid qildi. Endi talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi.