Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti Kremlga tayangan holda.

«Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Donbassdagi tinch aholini himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishi, shuningdek, Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishi muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Kreml rasmiy saytida ta’kidlanishicha, prezident Mirziyoyev Rossiya tomonidan qabul qilinayotgan xatti-harakatlarni tushunishini bildirgan.

Suhbat davomida ikkitomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilingan, Rossiya-O‘zbekiston strategik hamkorligini savdo-iqtisodiy va madaniy sohalarda rivojlantirishga o‘zaro xayrixohlik bildirilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilgan edi va RF rahbarining murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlangandi.

Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati RFning Ukrainaga bosqinini qattiq qoralab, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun 25 fevral kuni RF prezidenti Vladimir Putinga Donbassdagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif etdi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tkaziladigan muzokaralar joyi sifatida Belarus poytaxti tanlangan.