Vladimir Putin Ukraina harbiylariga hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishni taklif qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan yig‘ilishda ukrainalik harbiylarni mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga taklif qildi, deya xabar qildi RIA Novosti.

«Kiyevda qo‘nim topgan va butun Ukraina xalqini garovga olgan bu narkoman va neonatsistlar to‘dasidan ko‘ra, sizlar bilan kelishuvga erishishimiz osonroq ko‘rinadi», — dedi u.


Zelenskiy Putinga muzokara o‘tkazishni taklif etdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy RF prezidenti Vladimir Putinga muzokaralar stoli atrofida uchrashishni taklif etdi. Ukraina rahbari «odamlarning halok bo‘lishini to‘xtatish uchun muzokaralar stoliga o‘tirish kerakligini» ta’kidlagan. Putin muzokaralarga tayyorligini bildirgan.


UEFA Chempionlar Ligasi finalini Parijga ko‘chirdi

UEFA Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olgani tufayli bu yilgi Chempionlar ligasi finalini Sankt-Peterburgda emas, Parijda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.


Rossiya milliarderlari Ukrainadagi voqealar fonida $39 mlrd yo‘qotdi

Bloomberg nashri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida rossiyalik milliarderlar 39 mlrd dollar yo‘qotganligini ma’lum qildi. Jumladan, «Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov 6,2 mlrd dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Alisher Usmonovning boyliklari 1,2 mlrd dollarga kamaygan.


Rossiyaning Yevropa Kengashidagi a’zoligi to‘xtatildi

Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasi Rossiyaning ushbu tashkilotdagi a’zoligini to‘xtatdi. Bu haqda Rossiya davlat Dumasi vitse-spikeri, Yevropa Kengashi Parlament assambleyasidagi Rossiya delegatsiyasi rahbari Petr Tolstoyga tayanib Interfaks xabar berdi.

«Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasi mamlakatimizning ushbu tashkilotdagi a’zoligini to‘xtatib, Rossiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi», — dedi spiker. U mazkur qarorni qoralab, Yevropaning eng yirik davlati bo‘lmish Rossiyasiz Yevropa Kengashi ishi o‘z ma’nosini yo‘qotayotganini ta’kidladi.

«Rossiya Yevropaning eng yirik davlati bo‘lib qoladi, usiz birorta ham Yevropa Kengashi bo‘lishi imkonsiz va keraksiz. Chunki unda haqiqat bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi Petr Tolstoy.


Burkina-Fasoda oltin konidagi portlash oqibatida 60 kishi vafot etdi

Burkina-Faso janubi-g‘arbidagi norasmiy oltin qazib oluvchi maydonda yuz bergan portlashda 60 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralandi, deya xabar berdi CNN.

Poni provinsiyasidagi portlash sabablari hozircha ma’lum emas, dedi ushbu hudud oliy komissari Antuan Duamba davlat televideniyasiga. Bu yerda aniq qanday oltin qazib olish ishlari olib borilgani aniq emas. Burkina-Fasoda xalqaro kompaniyalar tomonidan boshqariladigan ba’zi yirik oltin konlari joylashgani aytildi.


Tayvan o‘z hududidagi havo hujumidan mudofaa zonasiga Xitoy samolyotlari kirganini bildirdi

Tayvan Mudofaa vazirligi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgan kundan boshlab, Xitoy Taypeyni diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Xitoy o‘z hududi deb da’vo qiladigan Tayvan so‘nggi ikki yil ichida Xitoy havo kuchlarining bunday missiyalarini muntazam ravishda amalga oshirayotganidan shikoyat qildi. Aytilishicha, samolyotlar Tayvanning o‘ziga yaqinlashmaydi. Vazirlikning ta’kidlashicha, so‘nggi missiyada Xitoyning sakkizta J-16 qiruvchi samolyoti va bitta Y-8 razvedka samolyoti ishtirok etgan bo‘lib, ular Janubiy Xitoy dengizining yuqori qismidagi Tayvan nazoratidagi Pratas orollarining shimoli-sharqidagi hudud ustidan uchib o‘tgan.


Estoniyaga Buyuk Britaniyaning jangovor guruhi yetib kelgani ma’lum qilindi

Estoniya mudofaa kuchlari Britaniya Qurolli kuchlariga tegishli Uels Qirollik jangovar guruhi juma kuni Shimoliy Estoniyaning Tapa shahridagi bazaga yetib kelganini aytdi. Bu haqda Estoniya mudofaa kuchlari bosh shtabi matbuot xizmatiga tayanib ТАССxabar berdi.

«Qo‘shimcha qo‘shinlarning kiritilishi biz ittifoqchilarimizga tayanishimiz va eng og‘ir damlarda ham ularning yordamiga ishonishimiz mumkinligini ko‘rsatadi», — dedi Mudofaa kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Martin Herem. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yetib kelgan guruhga oltita Challanger-2 tanki va boshqa zirhli texnikalar kiradi.