O‘zbekiston futbol terma jamoasi sardori, «Roma» futbol klubi hujumchisi Eldor Shomurodov UEFA rasmiy saytiga katta intervyu berdi. «Gazeta.uz» ushbu intervyuning tarjimasini taqdim etadi.

26 yoshli hujumchi Jarqo‘rg‘onda o‘tgan bolaligi va oilasi haqida gapirib, ular yosh futbolchini har doim, hatto yutqazganda ham qo‘llab-quvvatlaganini aytgan.

12−13 yoshida «Mash’al» akademiyasida o‘ynash uchun boshqa viloyatga ketgan Shomurodov uchun bu qiyin bo‘lgan.

«Chunki men uydan ketganimda juda yosh edim. Oilamni sog‘inardim, lekin boshqa iloj yo‘qligini tushunardim. Uyda meni intilishlarim qo‘llab-quvvatlandi. Men yashagan Muborak shahrida yozda sahrodagidek issiq, qishda juda sovuq. Lekin u yerda murabbiylar yaxshi, akademiya juda yaxshi. Futbolchilar uchun esa sharoitlar yetarli, shuning uchun ham biz chidashimiz va ishlashimiz kerak edi», — degan u.

— Barcha murabbiylaringiz Eldor Shomurodovning asosiy kuchi uning mentalitetida deb aytishadi. Siz oldingizga katta maqsadalr qo‘yasiz va ularga erishish uchun butun e’tiboringizni qaratasiz. Siz doimo Yevropa darajasiga chiqishni orzu qilganmisiz?

— Mash’alda asosiy jamoa o‘ynaganida biz to‘plarni olib kelib turardik. Men ham shunday saviyaga chiqishni orzu qilardim. Tezroq bu jamoada shu maydonda o‘ynashni boshlash uchun o‘sishni xohlardim. Va jiddiyroq o‘ynay boshlaganimda, men yanada ko‘proq o‘sishim va boshqa futbol muhitiga intilishim kerakligini tushuna boshladim. Uyga kelganimda doim Yevropa futbolini tomosha qilardik. Qarindoshlarim ham u yerga borib o‘ynashga harakat qilishim kerakligini aytishdi. Shunday qilib, men Yevropada o‘ynashni orzu qilardim. Unga qarab intildim va oxirida muvaffaqiyatga erishdim.

— Sizning bolalikdagi kumiringiz kim edi?

— Dide Drogba va Fernando Torres. Men ularni juda yaxshi ko‘rardim va har doim ularning o‘yinlarini kuzatardim.

Foto: thetimes.co.uk

— Siz Chelsi muxlisimisiz?

— Muxlislik qilganman. Endi esa men «Roma»ning muxlisiman.

— O‘zbekistonda siz qahramondeksiz. Bundan tashqari, terma jamoa sardori. Bunday yoshda bu maqom siz uchun nimani anglatadi?

— Bu men uchun katta ahamiyatga ega. Buni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Bunchalik erta sardor bo‘laman va terma jamoa uchun bu qadar muhim futbolchi bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Hozir bizda avlodlar almashmoqda, yosh o‘yinchilar maydonga tushyapti, men katta [yoshli] futbolchi sifatida ularga o‘rnak bo‘lishim kerak, shu sababli bu men uchun juda muhim.

— Vatan siz uchun qanchalik muhim? Uyga tez-tez borib turasizmi?

— Vatanimni juda yaxshi ko‘raman. Men uchun mamlakat ham, O‘zbekiston terma jamoasi ham muhim. Terma jamoaga chaqirishganda kelaman. Yoki ta’til paytida. Boshqa paytlarda vaqt ko‘p emas. Albatta, O‘zbekistonni sog‘inaman, ota-onamni ham.

— Siz A seriyasida Ilyos Zeytullayevdan keyingi ikkinchi o‘zbekistonliksiz. Siz bundan faxrlanasizmi?

— Albatta faxrlanaman. Men bundan mamnunman. Lekin bizda bu darajada o‘ynay oladigan futbolchilar ko‘p. Va men ularning bu yerda o‘ynashlarini juda istardim. Yevropada imkon qadar ko‘proq o‘yinchilarimiz bo‘lishini istardim. Bu butunlay boshqacha futbol, boshqa tezlik. Bu yerda o‘sish uchun sharoitlar bor. Futbolchilarimiz Yevropada qancha ko‘p bo‘lishsa, terma jamoaga shunchalik yaxshi bo‘ladi.


— Italiyadan oldin «Rostov»da o‘ynagansiz. Karerangizning ushbu davri haqida gapirib bering.

— Birinchi yil unchalik yaxshi o‘tmadi. Bu adaptatsiya jarayoni edi. Men moslashardim. U yerda futbol butunlay boshqacha edi — Yevropaga yaqinroq. [Bosh murabbiy] Valeriy Karpin meni juda qo‘llab-quvvatlardi, ishonch berardi va men uchun hammasi yaxshilanishni boshladi.

— «Rostov»da o‘zingizni ko‘rsatgach, «Jenoa» sizga e’tibor qaratdi. Yangi davlatga ko‘chish qanday bo‘ldi?

— «Rostov»da oxirgidan oldingi yilni juda yaxshi o‘tkazdim. Keyingi olti oy davomida yomon o‘ynadim. Buning sabablari bor. Lekin menda hali ham Yevropada o‘ynash istagi bor edi. Oson kechmadi. Gol urmasangiz, Yevropaga chiqish qiyin. Ammo «Jenoa» menga ishondi, buning uchun klubga rahmat! Ular meni «Rostov»dan sotib olishdi. Men o‘tishga rozi bo‘ldim, chunki bu mening Yevropada o‘ynash orzuim sari birinchi qadam edi. Men uchun top-klubda emas, balki tarkibga kirishim mumkin bo‘lgan joyda faoliyatni boshlash muhim edi. Birinchi yil og‘ir o‘tdi. Rossiya va O‘zbekistonda mentalitet o‘xshash, Yevropada esa butunlay boshqacha. Shuning uchun, dastlabki ikki-uch oy oson bo‘lmadi, lekin keyin ko‘nikishni boshladim. Endi men bu yerdagi odamlar qanday fikrlashini yaxshi tushunaman.

— Madaniyat qanday farq qiladi? Bu yerda siz uchun nima yangilik bo‘ldi?

— Rossiya va O‘zbekistonda hamma yetti kun ketma-ket ishlaydi. Shanba va yakshanba kunlari bu yerda hech narsa ishlamaydi, hamma dam oladi. Mutlaqo boshqa madaniyat, boshqa til. Odamlar boshqacha fikrlaydi.

— Italiyadagi futbol Rossiya va O‘zbekistondagidan nimasi bilan farq qiladi?

— Avvalo, bu yerdagi yuqori tezlik. Bu yerda kuchli futbol ustunlik qiladi. Futbolchilarning mahorati ham albatta, yuqoriroq.

— Keyingi darajaga chiqish uchun nima qilish kerak edi?

— Birinchi navbatda tezlikni oshirish kerak edi. Nafaqat harakatda, balki fikrlashda ham. Italiyaga ko‘chib o‘tganimda, men xotirjam o‘ynayman, deb o‘ylagandim. Lekin mashg‘ulotlarda hamma vaqt ulgurmayotganligimni his qila boshladim. Himoyachilar doimo tashlanishardi, doim oyog‘imga tepishardi va aynan shu borada aniq o‘sishim kerakligini tushundim.

Foto: asroma.com

— Qaysi qobiliyatlaringiz evaziga muvaffaqiyatga erishdingiz?

— Qiyin savol. O‘ylashimcha, birinchi o‘rinda, sabr evaziga. Boshida qiyin bo‘lganida, men o‘zimga bu mening darajam emasligini aytib, ortga qaytishim mumkin edi. Lekin men chidadim. Hammasi qo‘limdan kelishini bilardim. Va sabrim tufayli hozir menda hammasi yaxshi.

— «Roma» kabi klub sizni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekanini bilganda, nimalarni his qilgansiz?

— Men mentalitetni o‘zgartirishim kerakligini angladim. Har bir o‘yinga g‘alaba o‘ylari bilan chiqish kerak. Bu yerda katta maqsadlar qo‘yilishini bilardim. Bu yerda raqobat jiddiyroq. Har bir uchrashuvda tarkibga munosib ekaningizni isbotlashingiz kerak.

— Sevimli futbolchingiz Dide Drogba, sevimli murabbiyingiz esa Joze Mourinyu. Hozir u «Roma»ni boshqarmoqda. Bunday mutaxassis bilan ishlash qanday?

— U o‘z oldiga katta vazifalar qo‘yishi va ularni amalga oshirishni maqsad qilgani ilk kunlardan ma’lum edi. O‘yin va intizom borasida juda talabchan. U har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni istaydi va o‘yinchilar ham shunga intilishiga harakat qiladi.

Foto: Roma FC

— Mourinyu Drogbani o‘sha paytdagi dunyoning eng yaxshi hujumchisiga aylantirgan. Murabbiy sizga qanday yordam berdi?

— Hozir biz ko‘proq taktika ustida ishlayapmiz. U bizga hamma narsani qanday qilish kerakligini ko‘rsatadi va har bir o‘yinda borimizni berishimizni talab qiladi. Albatta, ko‘proq gol urishni ham talab qiladi.

— Siz «Roma» uchun ko‘p gol urib bo‘ldingiz — Konferensiya ligasining pley-off bosqichidagi gol. O‘shanda nimalarni his qildingiz?

— Bu mening «Roma» safidagi ilk rasmiy o‘yinim edi [UEFA Konferensiya Ligasi pley-off bosqichida «Trabzonspor»ga qarshi safarda]. Menimcha, ular meni almashtirishga tayyorgarlik ko‘rishayotgandi. Debyut uchrashuvida gol urganimdan va jamoaga Konferensiya ligasiga chiqish imkoniyatini berganimdan xursand bo‘lgandim. Bu juda yoqimli hislar edi.

— Bu golni buvingizga bag‘ishladingiz…

— O‘yindan bir kun oldin uning tug‘ilgan kuni edi. Men uni shu tarzda tabriklamoqchi edim. Ular meni juda qo‘llab-quvvatlaydi, barcha o‘yinlarni kuzatib boradi. Mening butun oilam — ota-onam, buvim va ayolim tomosha qilishadi va qo‘llab-quvvatlaydi.

— Ushbu mavsumda qanday shaxsiy va jamoaviy maqsadlarni ko‘zlagansiz?

— Birinchi navbatda — Chempionlar ligasiga chiqish. Va Konferensiya Ligasida g‘alaba qozonish. Bular asosiy maqsadlar. Shaxsiy ambitsiyalarga kelsak, ular doimo jamoa bilan bog‘liq. Men jamoaga g‘alaba qozonish va sovrinlarni qo‘lga kiritishda yordam bermoqchiman. Axir, jamoa g‘alaba qozonsa, siz ham g‘alaba qozonasiz.