Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston tentpegging federatsiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar qildi vazirlik axborot xizmati.

«Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi tentpegging sport turini rivojlantirish va ommalashtirish, sport orqali aholi, ayniqsa yoshlarni sportga, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, tentpegging hamda boshqa turdosh sport turlari bo‘yicha madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tadbirlarini o‘tkazish, xalqaro sport aloqalarini kengaytirish hamda o‘z a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilishdan iborat», — deyiladi xabarda.

Tentpegging — qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lgan sport turi bo‘lib, Xalqaro ot sporti federatsiyasi tomonidan tan olingan o‘nta yo‘nalishdan biridir. Ushbu sport turida ot choptirib ketayotgan chavandoz qo‘lidagi nayza yoki qilichni yerdagi kichik buyumga (rasmiy nomi «chodir qozig‘i», ingliz tilida tent peg) sanchib, uni qurolning uchiga ilib olishi kerak.

1982 yilda tentpegging Osiyo Olimpiya kengashi, 2002 yilda esa Xalqaro ot sporti federatsiyasi tomonidan tan olingan. Bugungi kunda ushbu sport turi Buyuk Britaniya, Avstraliya va Janubiy Afrikada nisbatan keng tarqalgan, lekin ayniqsa sharqiy mamlakatlarda — Hindiston, Pokiston, Ummon va Isroilda mashhur.