1hls.uz platformasida ro‘yxatdan o‘tgan 18 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi soni 1 mln 209 ming 77 nafarni tashkil etmoqda, deb xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi.

Qayd etilishicha, shundan 757 ming 680 nafari erkaklar, 451 397 nafari esa ayollardan iborat.

«E’tiborlisi, platforma foydalanuvchilariga shu kunga qadar 43 mlrd 45 mln 953 ming so‘m miqdorida mablag‘lar to‘lab berilgan», — deyiladi xabarda. Vazirlik matbuot xizmatinining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, ushbu mablag‘lar 2021 yilning 10 iyunidan e’tiboran to‘lab berilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yildan boshlab platformadan foydalanganlarga to‘lab beriladigan mablag‘lar davlat budjeti parametrlarida aks etadi. Prezident «Sog‘lom turmush tarzi» platformasiga 60 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qilgandi.

Bundan avval, 1 noyabr holatiga 1hls.uz platformasi foydalanuvchilari 600 mingga yetgani, ularga 18 mlrd so‘m to‘lab berilgani aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil oktabrdagi farmoni bilan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasi yaratildi.

Unda 1hls.uz platformasidagi to‘lovlar aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yig‘im joriy etish hisobidan amalga oshirilishi aytilgandi.

Turizm va sport vazirligi tomonidan 14 sentabrdan piyoda yurish va yugurishni targ‘ib qilish maqsadida ishga tushirilgan «Sog‘lom turmush tarzi platformasi» (1hls.uz) qadamlar uchun pul to‘lashni vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.

Keyinroq vazirlik ushbu xabarni rad etib, «axborot xizmati xodimi asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumot bergani»ni ta’kidlagandi.

«Gazeta.uz» 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan edi.