20 dekabr kuni Toshkent yoshlar forumi doirasida adliya vaziri Ruslanbek Davletov yoshlar bilan muloqot chog‘ida totalizatorlarni bloklash haqidagi savolga javob berdi.

«Soha vakillari ayta oladi buni, texnik tomondan chegaralash, bloklash imkoni bo‘lsa kerak. Chunki u yerda pul bilan bog‘liq bo‘lgan narsalar bor, pul o‘tkaziladi, „stavka“ qo‘yiladi. Bugungi kunda tarbiyaga bu juda qattiq ta’sir qilayapti. Bu sohani o‘rganganmiz, ruxsat bergan davlatlar bor, cheklagani bor, umuman taqiqlaganlari bor», — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «rivojlangan davlatlarda shu sohaga psixologiya xizmatlarini kiritgan, odamlar qimorga juda berilib ketgan bo‘lsa, ularga anonim kurslarda yordam ko‘rsatiladi».

«Bu [totalizator] to‘g‘risida ishlash kerak, bu davlatning majburiyati. Chunki aholi har xil yo‘llarga kirib ketishining oldini olish uchun ham tegishli davlat organlari ishlashi kerak», — dedi Ruslanbek Davletov.

U Los Anjelesda o‘qigan paytlarida qimorning qanchalik dahshatli narsa ekanligining guvohi bo‘lganini so‘zlab berdi.

«Taqiqlash nuqtai nazaridan hozir inson sifatidagi fikrim bilan adliya vaziri sifatida fikrim aralashib ketib qoladi. Lekin aralashsa ham aytaman, men ham buni tarafdori emasman. Ëshligimda Amerikaga borib o‘qiganimda ko‘rganman, Los Anjelesda kollejda o‘qigan paytimizda dahshatli narsa ekanligini ko‘rdim. Totalizator uni o‘ynayotgan odamga emas, hammayoqqa ta’sir qiladi, atrof-muhitga ta’sir qiladi», — dedi u.

«Bu industriya, u qadriyatlar bizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun albatta bu borada davlat boshqaruvi juda qattiq bo‘lishi kerak. Mening fikrim shu», — deya yakunladi so‘zini adliya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini litsenziya bilan amalga oshirishga ruxsat berilgandi. Iyul oxirlarida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mamlakat hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun hech kimga litsenziya berilmaganini va ushbu faoliyatlar hali ham qonuniy emasligini eslatdi.

8 sentabrda XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonunlarga bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normalar kiritish taklif etildi.

14 sentabrda esa quyi palata a’zosi Doniyor G‘aniyev faqatgina O‘zbekiston rezidentlariga bukmekerlik bilan shug‘ullanishga ruxsat berishni taklif qildi. Deputat norezident bukmekerlarga O‘zbekiston bank tizimidan to‘lovlar amalga oshirilishini taqiqlash kerakligini ham aytdi. Shuningdek, u totalizatorlarni reklama va targ‘ibot qilishga ruxsat bermaslik hamda jismoniy shaxslar uchun «stavka"larning maksimum chegarasini belgilash taklifini ilgari surdi.

29 sentabrda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi AOKA bilan birgalikda 10 dan ortiq bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi noqonuniy saytlarga kirishni chekladi.