Surxondaryo viloyati Denov shahri markazidagi ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasida sodir bo‘lgan portlashda 3 nafar mansabdor aybdor deb gumon qilinmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

15 dekabr kuni Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘iga Jinoyat kodeksining 116 moddasi 4 qismi «a,b» bandlari (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimiga 214-moddasi 3 qismi «v» bandi (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan ayb e’lon qilinib, «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.

O‘rganishlar davomida 10 dan ortiq ekspertizalar tayinlangani, taxminlarga ko‘ra, bino ichida joylashgan gaz quvurlaridan bir necha soat davomida gaz sizib chiqqanligi sababli portlash sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Avvalroq, Bosh prokuratura portlash yuzasidan Jinoyat kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. Biroq, o‘shanda ushbu moddalarning aynan qaysi bandlari asosida ish ochilgani qayd etilmagandi.

7 dekabr kuni ertalab soat taxminan 4 larda sodir bo‘lgan portlash oqibatida yaqin atrofdagi bino konstruksiyalar qulab, katta yong‘in kelib chiqqandi. Hozirgacha buning oqibatida 9 kishi jarohatlanib, ikki kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

«Gazeta.uz» Denovdagi favqulodda hodisa joyidan fotoreportajni e’lon qilgandi. Voqealar rivoji davomida Bosh prokuratura Denovdagi portlash bo‘yicha terakt versiyasini rad etdi.

14 dekabr kuni ushbu fojia bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z munosabatini bildirib, portlash tafsilotlarini televideniye orqali batafsil ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. «Yashiradigan O‘zbekiston emas hozir», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan buyon viloyatlar hokimlari shu singari holatlarning oldini olish uchun javobgarlikni shaxsan o‘z zimmasiga oladi.