Rossiyaning «Zarubejneft» davlat neftgaz kompaniyasi O‘zbekistondagi Jizzakh Petroleum kompaniyasining ulushini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda uchta manbaga asoslanib «Kommersant’» xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bitim shartlari hozircha kelishilmagan. Jizzakh Petroleum kompaniyasini Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga «ko‘rsatishgan» edi, lekin hamkorlik «o‘xshamadi», degan nashr suhbatdoshlaridan biri.

«Zarubejneft» kompaniyasi esa bitim bo‘yicha izoh bermagan, biroq «kelgusida O‘zbekistonda rivojlanishga» qiziqish borligini ma’lum qilgan.

«Kompaniya MDH davlatlaridagi operatsiyalarini kengaytirish ustida ishlamoqda, shu jumladan Qozog‘istonda ham, va ushbu mintaqada neft va gaz qazib olish bo‘yicha klaster shakllantirishga umid qilmoqda», — deya ta’kidlagan neft kompaniyasi vakili.

2019 yilda «Zarubejneft» O‘zbekistondagi Janubiy Olamishiq, Xartum va Sharqiy Xartum konlarida ish olib boruvchi Andijanpetro QKning 50%ni sotib olgan edi. 2021 yilda 20 ming tonna neft qazib chiqarish rejalashtirilgan.

Fitch agentligigi mutaxassisi Dmitriy Marinchenkoning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston juda kam neft qazib oladi — kuniga 50 ming barrel atrofida. Ushbu hajm iqtisodiyot ehtiyojlarini qoplamaydi.

Uning fikriga ko‘ra, zaxiralarning 15 yilga yetishidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda neft qazib chiqarishni nazariy jihatdan ikki baravarga oshirish mumkin. Lekin buning uchun investitsiyalar, shu jumladan yangi burg‘ulash qurilmalari va texnologiyalar kerak — bunday holatda xorijiy investorlarni jalb qilish soha uchun odatiy holat, deydi tahlilchi.

Jizzakh Petroleum haqida

Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi 2017 yilning iyun oyida «O‘zbekneftgaz» va Gas Project Development Central Asia (Gazprom International sho‘ba korxonasi) tomonidan tashkil etilgan. Loyihaga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasning ulushi 60% dan 30% gacha kamayib borishi va xorijiy ta’sischilarning ulushi esa 40%dan 70%gacha oshib borishi kerak edi.

2020 yil iyun oyiga ko‘ra ta’sischilar tarkibi quyidagicha ko‘rinish olgan edi: Kiprdagi Belvor Holding Limited (68%), «O‘zbekneftgaz» (30%) va Gas Project Development Central Asia (2%). 2021 yil fevral oyi boshida «O‘zbekneftgaz» va Belvor Holding Limited 49%dan ulushga egalik qilar edi.

May oyining oxirida «O‘zbekneftgaz» ta’sischilar tarkibidan chiqdi va endilikda Belvor Holding Limited 98% ulushlarga egalik qiladi. Bundan tashqari, kompaniyaning yuridik nomi va maqomi o‘zgardi. Endilikda bu Sanoat Energetika Guruhi xorijiy kompaniyasi.

OAVlar Belvor Holding Limited kompaniyasining Eriell Group neftservis kompaniyasi va Enter Engineering (O‘zbekistondagi eng yirik EPC-pudratchilaridan biri, aksiyadorlari orasida «Gazprombank» bor) boshqaruv raisi, tadbirkor Baxtiyor Fozilov bilan bog‘liqligi borligini aytishadi.

2020 yil iyunida Jizzakh Petroleum Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini ishonchli boshqaruvga olgan edi.

Jizzakh Petroleum saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya ulushiga O‘zbekistonda qazib olinadigan neftning 80% va 105 ta konda aniqlangan neft zaxiralarining taxminan 22% to‘g‘ri keladi. 2020 yilda 498,7 ming tonna neft va 497,4 mln kubometr tabiiy gaz qazib olingan.

Oldinroq, «Gazeta.uz» 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda «Lukoyl» kompaniyasi 413,1 mlrd kub metr (22,1%), Uz-Kor Gas Chemical 109,6 mlrd kub metr (5,9%), Surhan Gas Chemical 106,6 mlrd kub metr (5,8%), Jizzakh Petroleum 84,9 mlrd kub metr (4,5%) gaz zaxiralariga ega konlarda faoliyat yuritishi haqida xabar bergan edi.