Ijtimoiy tarmoqlarda Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Marat Sodiqovning sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayevga yozgan xati tarqaldi.

Manba: muxbir1 / Telegram.

Unda boshqarma bog‘lig‘i 17 may kuni Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasida (1998 yilda tug‘ilgan) homilador ayol vafot etgani ma’lum qilingan. Uning o‘limiga esa tug‘ruqdan keyingi o‘tkir yurak va buyrak-jigar yetishmovchiligi, DVS sindrom gipokoagulyatsiya bosqichi, oshqozon-ichakdan qon ketishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Bundan tashqari, murda ekspertiza uchun yuborilgani qayd etilgan.

Xat shuningdek, vazir o‘rinbosari Elmira Basitxanova tomonidan ham imzolangan. Unda «vazirga taqdim etilmasin» degan yozuvni ko‘rish mumkin, qolaversa, bosh akusher-ginekologning ikki nafar professor ishtirokidagi xulosasini kiritish topshirig‘i berilgan. Uning so‘ngida esa «asossiz o‘lim» deb ham yozilgan.

Vazir o‘rinbosari mazkur holat Toshkent viloyatidagi poliklinikada sodir bo‘lganini tasdiqladi. Elmira Bositxonova uning so‘zlari «noto‘g‘ri talqin etilganini» ta’kidlamoqda.

«Boshqarma boshlig‘i tomonidan berilgan ma’lumotni sog‘liqni saqlash vaziriga chuqur o‘rganib, sabablar va tahlillar asosida kiritish lozim. Masala onalar va bolalar o‘limi haqida ketar ekan, yuzaki xulosalarga tayanmasdan chuqur o‘rganish kerak. Bu o‘rganish ishlarini bosh akusher-ginekolog bilan birga 2 professor olib borishi kerakligi haqida topshiriq berilgan. O‘lim sabablari chuqur o‘rganilib, keyin vazirga hisobot berish kerakligi nazarda tutilgan», — deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz.

Anesteziolog-reanimatolog sifatida 30 yillik tajribaga ega Elmira Basitxanovaning ta’kidlashicha, o‘lim sababi ko‘rsatilmagani uchun barcha holatga professional tekshiruv zarurligi bo‘yicha «boshqarma boshlig‘iga muhim topshiriq bergan».

«Bunda hech qanday noto‘g‘ri yoki shov-shuvga sabab bo‘ladigan holat yo‘q», — dedi vazir o‘rinbosari.

«Go‘daklar va onalar o‘limi bilan bog‘liq har bir holat bekitiladigan narsa emas. Qonunda ham, tibbiyotda ham har bir o‘lim holati sabablari tahlil qilinib, chora ko‘riladi va bu keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga yechim bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham bu holni bekitish yoki „yopdi-yopdi“ qilishdan biror inson manfaatdor emas», — dedi u.

Vazir o‘rinbosari xatda «kritik» (tanqidiy) so‘zi ham borligiga e’tibor qaratgan.

«Bu yozuvni qayd etishdan maqsad nimanidir xaspo‘shlash yoki bekitish emas. Bunday noto‘g‘ri xulosalar qilish bu vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilish deb o‘ylayman», — dedi Elmira Basitxanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim sabablari 3 nafar tibbiyot fanlari doktori va professorlar tomonidan o‘rganilgan va aybdor shaxslar o‘z jazosini olgan. «Inson hayoti bilan bog‘liq bunday holatlar qayta sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida bu tibbiy tahlil butun respublikadagi tug‘ruq komplekslariga ko‘rsatma xati bilan birgalikda yetkazilgan», — deya qo‘shimcha qildi u.