Prezident 20 oktabr kuni «Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat 20 avgust kuni o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar doirasida qabul qilingan.

Norma`ning yozishicha, Qaror bilan 2024 yil 1 yanvarga qadar import bojxona boji «nol» stavkada qo‘llaniladigan ayrim turdagi xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Bu 82 ta tovarga, jumladan:

  • kastor yog‘i va uning fraksiyalari;
  • asbest;
  • natriy gidroksidi (kaustik soda) qattiq shaklda;
  • karbidlar, kimyoviy tarkibi aniq yoki noaniq;
  • o‘simlik yoki chorvadan olinadigan bo‘yovchi moddalar;
  • keramik mahsulotlar, emal yoki oyna ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan shishasimon emallar va glazurlar va shunga o‘xshash preparatlar;
  • to‘qimachilik bo‘yog‘i;
  • sirti faol organik moddalar (sovundan tashqari); sirti faol vositalar, yuvish vositalari (shu jumladan yordamchi yuvish vositalari) va tarkibida sovun mavjud yoki mavjud bo‘lmagan tozalash vositalari;
  • moylash materiallari hamda to‘qimachilik matolari, charm, mo‘yna yoki boshqa materiallarga yog‘ va moy bilan ishlov berish uchun foydalaniladigan vositalar;
  • sun’iy mum;
  • tayyor yelimlar va boshqa joyda nomlanmagan yoki kiritilmagan boshqa tayyor adgezivlar;
  • fermentlar, fermentli preparatlar;
  • to‘qimachilik tarmog‘ida qo‘llaniladigan pardozlash vositalari, bo‘yashni tezlashtirish yoki bo‘yoqlarni mustahkamlash vositalari va boshqa mahsulotlar hamda tayyor preparatlar;
  • sun’iy mo‘yna;
  • yelimlangan fanera, fanera holiga keltirilgan panellar va qatlamli yog‘ochdan shunga o‘xshash materialla;
  • filtr qog‘oz va karton;
  • apparatda yigirilgan jun kalava ipidan yoki apparatda yigirilgan jonivorlarning ingichka sochidan tayyorlangan gazlamalar;
  • zig‘irpoya tolasidan to‘qilgan gazlamalar;
  • kompleks sintetik va sun’iy iplardan to‘qilgan gazlamalar;
  • kimyoviy iplardan va boshqa to‘qimachilik materiallaridan to‘qilgan to‘rlar va boshqalarga tatbiq etiladi.

Avvalroq, Hukumat qarori bilan 2022 yil 1 maygacha banan, plantaynlar, anjir, ananas, avokado, mango, guayyava, mangostan, olma, nok, kivi va boshqa sitrus mevalar bojxona bojidan ozod qilingan edi.

21 oktabr kuni senatorlar yil oxirigacha go‘sht mahsulotlari, muzlatilgan baliq, tirik hayvonlar va kartoshka importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.