Prezidentlikka «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod Alisher Qodirov 14 oktabr kuni Andijon viloyatida saylovchilar bilan uchrashuv davomida migrantlardan ham soliq undirish taklifini ilgari surdi. Uning bu haqda ta’kidlagan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Uning so‘zlariga qaraganda, «mamlakatning taraqqiyoti uchun soliqlarning o‘rni juda muhim».

«Nima uchun bizda bugun migrantlar xorijda ishlab topgan daromadidan soliq to‘lamasligi kerak? O‘zbekistonning taraqqiyoti uchun, kelinglar, soliq to‘laylik», — dedi partiya nomzodi.

Uning ta’kidlashicha, hozir faqat migrantlar oilasiga yuborayotgan pulning hisob-kitobi bor.

«Bu ham yaxshi, albatta, pul sifatida kelayapti. Lekin u sizning oilangizga jo‘natilgan pul. Undan soliq to‘lanayotgani yo‘q. U mamlakatning taraqqiyoti uchun ishlatilmayapti. Shuning uchun men taklif qilgan bo‘lardim, kelinglar endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin», — Alisher Qodirov.

Milliy tiklanish nomzodi avvalroq, so‘nggi paytlarda mahallalarga juda ko‘p vazifalar yuklab yuborilayotganini tanqid qilgandi. Uning ta’kidlashicha, mahalla aslida «odamlarni birlashtiradigan, maslahat, muloqot qiladigan maskan bo‘lishi kerak».

Shuningdek, Alisher Qodirov saylovda nomzodlar orasida o‘ziga bitta Shavkat Mirziyoyevni raqib sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan edi.