8 oktabr kuni YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) O‘zbekistonda 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini kuzatish missiyasining oraliq hisobotini (PDF) e’lon qildi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston saylov qonunchiligini isloh qilish jarayonida va hozirgacha qabul qilingan o‘zgartishlarda DIIHBning avvalgi tavsiyalaridan bir qanchasi hisobga olingan. Bu shu jumladan kampaniya tadbirlari to‘g‘risida xabar qilishning soddalashtirilgan jarayoni, kampaniya o‘tkazish paytida lavozimni suiiste’mol qilishga qarshi ba’zi choralar, nizolarni hal qilishning parallel yo‘llarini bartaraf etish va kampaniya bilan bog‘liq oraliq moliya hisobot talablaridan iborat.

Shunga qaramasdan, fundamental huquq va erkinliklarni himoya qilishdagi bo‘shliqlarga doir avvalgi tavsiyalar ko‘rib чиқилмаганича qolmoqda. Ular orasida saylov huquqlarini cheklash, mustaqil nomzodlarni ko‘rsatishga taqiq va saylov kampaniyasini moliyalashtirishning muqobil manbalariga oid tavsiyalar ham mavjud.

Byuro Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ijobiy baholadi. Uning yig‘ilishlari jamoatchilik uchun ochiqligi va real vaqt rejimida efirga uzatilayotgani, barcha qarorlar veb sahifaga joylanayotgani va muddatlarga amal qilinayotgani qayd etilgan.

Saylov kodeksida ko‘zda tutilgan umumiy talablarga qo‘shimcha ravishda MSK davlat OAVlarida ko‘p miqdordagi efir vaqti va bosma materiallar uchun maydonni ajratdi. Qonunchilik darajasida barcha nomzodlar faoliyati OAVda teng yoritilishi kafolatlangan bo‘lsa-da, nomzodlarning egallab turgan lavozimlaridagi faoliyati qonun bilan kampaniya tashviqoti tadbiri sifatida qaralmaydi, deb ta’kidladi missiya.

MSK qarorlari bilan batafsilroq aks ettiriladigan Saylov kodeksi xalqaro tashkilotlar, partiya faollari, OAV vakillari va fuqarolar yig‘inlari vakillari tomonidan kuzatuvni ta’minlaydi, ammo avval DIIHB tavsiya qilgan oddiy fuqarolar kuzatuvini ta’minlamaydi.

Joriy yil Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish bilan yig‘ilish erkinligini qonun osti aktlar bilan cheklash taqiqlandi, ammo yig‘ilish erkinligi biron bir maxsus qonun bilan tartibga solinmaydi. Biroq, jinoyat va ma’muriy qonunlarda noqonuniy yig‘ilishlar va ro‘yxatga olinmagan uyushmalar taqiqlanadi va ular uchun jazo tayinlangan, deyiladi hisobotda.

DIIHB avval ortiqcha yuk hosil qiladigan va ixtiyoriy qo‘llashga ochiq deb baholagan «siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir qonun hujjatlari hamon o‘zgartirilmagan».

Og‘ir jinoyatlar uchun qamoq jazosini o‘tayotgan mahbuslar, shuningdek sud tomonidan, jumladan aqliy va ruhiy sabablarga ko‘ra layoqatsiz deb topilgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega emasligi demokratik saylovga tegishli xalqaro standartlarga zid, deya qayd etdi byuro.

Xalqaro ilg‘or tajriba va DIIHBning ilgarigi tavsiyalariga zid o‘laroq, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmay qolgan, ammo Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida (SYAER) bor saylov huquqiga ega saylovchilar o‘z shaxsini va yashash joyini tasdiqlasa, tegishli USK saylov kuni saylovchilar ro‘yxatiga kiritishi mumkin. Ularning tegishli ma’lumotlari keyin SYAER tizimidan barcha USKda o‘rnatilgan kompyuter terminali orqali tekshiriladi.

Prezident sifatida 35 yoshdan yuqori, mamlakatda saylov kuniga qadar kamida 10 yil yashagan va o‘zbek tilida erkin gaplashadigan fuqarolar saylanishi mumkin. DIIHBning avvalgi tavsiyasiga qarshi o‘laroq, mustaqil nomzod sifatida o‘zini-o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazishga bo‘lgan taqiq amal qilishda davom etmoqda. Shuningdek, sud qarori bilan layoqatsiz deb topilgan shaxslar, hukm qilingan mahbuslar, qasddan sodir etilgan jinoyatlari uchun sudlanishlari olib tashlanmaganlar va din xodimlari ham nomzodlarini ko‘rsata olmaydi.

Saylov kampaniyasi


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Saylov kampaniyasi rasman 20 sentabr kuni boshlandi va 22 oktabr kuni yarim kechada tugaydi. «Adolat» SDP partiyasi nomzodi 29 sentabr kunidan saylovoldi tashviqotini boshlagan bo‘lsa, qolgan to‘rtta nomzod saylov kampaniyasi boshidanoq saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.

Qonunchilik kampaniya olib borish uchun teng sharoitlar yaratishni, jumladan kampaniya materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish va OAVda tekin efir vaqti va bosma material maydonidan foydalanishni nazarda tutadi. DIIHB Saylovni kuzatish missiyasi bilan uchrashgan barcha partiya vakillari teng kampaniya sharoiti va OAVdan teng foydalanish imkoniyatini ta’kidladi.

Nomzodlar 15 nafargacha «ishonchli vakillar»ni ko‘rsatishlari mumkin. Ular kampaniya olib borishda yordam beradilar va nomzodning manfaatlarini ifoda etadi. Ishonchli vakillarni MSK ro‘yxatga oladi va DIIHB SKM kuzatuviga ko‘ra kampaniya boshlanishidan beri ular aksariyat viloyatlarda kampaniyada faol ishtirok etishmoqda. Har bir nomzod vakillarning maksimal sonini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Mahalliy hokimiyat organlari va jamoat uyushmalari nomzodlar va vakillarga kampaniya tadbirlarini o‘tkazishda kamsitmaslik asosida yordam ko‘rsatishlari shart. 2021 yildan boshlab Okrug saylov komissiyalari nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ko‘maklashmaydi. DIIHBning avvalgi tavsiyalariga muvofiq, ilgarigi kampaniya tadbirlarini tasdiqlash tizimi mahalliy hokimiyat organlarini tadbir o‘tkazishdan uch kun ilgari xabardor qilish bilan almashtirildi.

So‘nggi o‘zgartishlar davlat resurslarini suiiste’mol qilishni, jumladan davlat mansabdor shaxslarining kampaniyada qatnashishini ta’qiqlaydi. Ya’ni, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mahalliy ijro organlari, harbiy xizmatchilar, DXX va boshqa harbiylashtirilgan tuzilmalar vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, sudyalar, saylov komissiyasilari a’zolari va din vakillari tashviqot qilishi taqiqlangan.

Prezident xizmat samolyotidan foydalanishda davom etdi, deyiladi DIIHB hisobotida. «Saylov kampaniyasi barcha viloyatlarda olib borilmoqda, shuningdek u ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi ko‘zga tashlanib turibdi. Biroq, hozirga qadar, nomzodlar o‘rtasida raqobatli kurash kuzatilmadi», — deyiladi byuro xabarida.

Yuzma-yuz uchrashuvlar mahallalar va tuman darajasida olib borilmoqda, uyma-uy yurib saylovchilarni aniqlash partiya vakillari va ishonchli vakillar tomonidan tashkil etilgan. COVID-19 bilan bog‘liq umumiy ehtiyot choralariga qaramasdan, nomzodlar boshchiligida saylovchilar bilan kattaroq uchrashuvlar ham o‘tkazilmoqda. Har bir partiya turli xil tashviqot materiallarini, jumladan varaqalar, partiya gazetalari va plakatlarni tarqatib kelmoqda. Ba’zi viloyat markazlaridagi raqamli bilbordlarda barcha nozodlarning videoroliklari namoyish etilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar siyosiy partiyalar va ba’zi nomzodlarga saylovchilarni o‘z takliflari hamda kampaniyadagi faoliyatlari to‘g‘risida xabardor qilish imkoniyatini yaratib beryapti. Saylov kampaniyalari platformalari asosan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, davlat xizmatlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, odil sudlov va ekologik tizimga oid masalalarga qaratilgan, deya ta’kidladi DIIHB.

«Hozirgi vaqtda ushbu mavzularning hech birini saylov kampaniyasida dominant deb atab bo‘lmaydi», — deyiladi hisobotda.

Saylov kampaniyasini moliyalashtirish

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

2021 yilda «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, ilk bor kampaniyani moliyalashtirishning oraliq hisobotini taqdim etish majburiyati kiritildi. Ushbu huquqiy normalarning kelgusi ijrosi MSKning nizomlarida batafsilroq tavsiflanadi.

Siyosiy partiyalarning kampaniya bilan bog‘liq barcha xarajatlari davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

2021 yilda jami 15,54 mlrd so‘m (1,25 mln yevro) saylov kampaniyasi xarajatlari uchun ajratildi, nomzod ko‘rsatgan besh partiyadan har biri taxminan 3,14 mlrd so‘mdan (250,74 ming yevro) qo‘lga kiritdi.

DIIHB bilan muloqot qilgan barcha partiya vakillari saylovoldi kampaniya uchun ajratilgan mablag‘dan mamnun ekanini ma’lum qilishdi.

Ishlatilmagan mablag‘lar saylovdan keyin yoki partiya nomzodi saylovda ishtirok etishdan bosh tortsa, davlat budjetiga qaytariladi. Kampaniya olib borish uchun boshqa mablag‘lar, jumladan siyosiy partiyalar va nomzodlarning shaxsiy mablag‘lari, xususiy pul yoki natura shaklidagi xayriyalar taqiqlangan. Bunday xayriyalar taqdim etgan donorlarga qaytarilishi lozim.

Saylov kampaniyasini moliyalashtirish bo‘yicha MSK oraliq hisoboti — ovoz berish kunidan 5 kun avval, qolaversa saylov natijasi e’lon qilingan kundan boshlab 20 kun ichida yakuniy hisobotni taqdim etishdan iborat.

OAV


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari muhiti ko‘p sonli davlat va xususiy axborot organlari cheklangan reklama sharoitida faoliyat ko‘rsatishi bilan tavsiflanadi, deyiladi hisobotda. sentabrda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fazilov O‘zbekistonda 736 ta davlat va 1180 ta xususiy media nashrlar faoliyat yuritayotganini ma’lum qilgandi. International Media Service 2020 yil uchun jami reklama bozorini 42 mln yevro etib baholagandi, uning 67 foizi esa (28,1 mln yevro) televideniye orqali tarqatiladi.

DIIHB Saylovni kuzatish missiyasi bilan muloqot qilgan bir necha kishi oxirgi yillarda ommaviy axborot muhiti yaxshilanganini, jumladan axborot olish, undan foydalanish yaxshilangani hamda ba’zi ijtimoiy va siyosiy masalalarda tanqidiy chiqishlar qilish imkoniyati oshganini ta’kidladi.

Biroq, DIIHB bilan muloqot qilgan odamlar davom etayotgan ko‘plab eski muammolar, jumladan jurnalist va blogerlarni qo‘rqitish va ta’qib qilish, shuningdek, OAV faoliyatini cheklovchi huquqiy asoslar hamon mavjud ekanligini qayd etishdi. Ko‘pchilikning fikricha, mazkur har ikkala omil o‘zini o‘zi senzura qilish keng tarqalishiga katta hissa qo‘shadi.

Garchi 2019 yilda avval bloklangan ko‘plab mahalliy va xalqaro ommaviy axborot organlari va inson huquqlari tashkilotlari veb-saytlariga kirish tiklangan bo‘lsa-da, ba’zilarini mamlakatda hamon ochib bo‘lmaydi. 2 iyuldan boshlab, Twitter, TikTok va VKontakte ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek Skype va WeChat tezkor messenjerlari («mamlakat fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashda qonunchilik talablarini buzish» munosabati bilan rasman foydalanish cheklangan) bloklangan, deya ta’kidlangan byuro xabarida.

Konstitutsiya so‘z erkinligi va axborotdan foydalanish erkinligi huqularini ta’minlaydi. Biroq, OAV e’lon qilingan axborot uchun javobgar va diniy mavzudagi materiallarni avvaldan tasdiqlatib olishi lozim.

Garchi Jinoyat kodeksiga 2020 yil dekabrida kiritilgan o‘zgartishlar tuxmat va xaqorat uchun qamoq jazosini bekor qilgan bo‘lsa-da, ular hamon jarima, axloq tuzatish ishlari yoki uy qamog‘i bilan jazolanadigan jinoiy qilmish hisoblanadi.

Jinoyat kodeksiga oxirgi ikki yil mobaynida kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tuxmat va xaqorat, jumladan prezident nomiga tuxmat va haqorat uchun javobgarlikni onlayn OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, shuningdek xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risida vahima qilish va yolg‘on axborot tarqatish uchun qamoq jazosi kiritildi, deya eslatmoqda DIIHB.

«Jurnalistlar fuqarolarning qadr-qimmatini xaqorat qilganlik va yolg‘on axborot tarqatganlik uchun jarimaga tortilishi mumkin, ayni paytda blogerlar va veb-saytlar egalari uchinchi shaxlar bergan „kontent“ va foydalanuvchilarning izohlari uchun javobgar hisoblanadi», — deya ta’kidlangan hisobotda.

Qonunchilik davlat OAVlarida bepul efir vaqti va bosma maydon ajratilishini ta’minlashni ko‘zda tutadi. 17 sentabr kuni MSK har bir nomzodga respublika miqyosida efir uchun 5 ta milliy telekanalning har birida 3,5 soatdan, shuningdek 13 hududiy telekanallarning har birida — 140 daqiqadan, qolaversa, bosma nashr uchun 6 ta respublika va 26 ta viloyat gazetalaridan joy ajratdi.

«Nomzodlarga bahs-munozara o‘tkazish imkoniyatini yaratish maqsadida MSK [shuningdek] 5 ta milliy telekanallarda kampaniya davrida har shanba kuniga mo‘ljallangan efir vaqtlarini zaxira sifatida saqlab qo‘ydi. Biroq nomzodlar avvaliga bunday debatlarni o‘tkazishni kelishib olishlari lozim», — deya qayd etdi DIIHB.

Foto: MSK matbuot xizmati.

MSK qarori nomzodlarga teng sharoitlarda davlat va xususiy OAVlarda pullik efir vaqti va bosma maydonni taqdim etish imkoniyatini nazarda tutadi hamda barcha nomzodlar teng yoritishini kafolatlaydi. Shunga qaramasdan, nomzodlarning egallab turgan rasmiy lavozimi yuzasidan faoliyatining yoritilishi tashviqot tadbiri deb hisoblanmaydi va shuning uchun bu kabi qarorlar bilan tartibga solinmaydi.

Bugungi kunda MSK Saylov kodeksi buzilishiga oid shikoyat qabul qilib olmagan. Faqat saylovchilarning saylov jarayonining tashkiliy jihatlari haqida ma’lumot berish bo‘yicha so‘rovlari qabul qilingan. Saylov komissiyalarining quyi bo‘g‘inlariga yoki sud organlariga ham shikoyatlar kelib tushmagan, deyiladi DIIHB xabarida.

Bo‘lajak prezident saylovi YeXHT DIIHB missiya ishtirok etayotgan to‘qqizinchi saylov hisoblanadi. Missiya 1999, 2004, 2009, 2014, 2019 yillardagi — parlament saylovlarini hamda 2007, 2015 va 2016 yillardagi — prezident saylovlarini kuzatdi. 2016 yilgi prezident saylovida DIIHB ilk bor keng tarkibdagi missiya bilan ishtirok etgandi. Xuddi shunday missiya 2019 yilgi parlament saylovlarini ham bevosita kuzatgan edi.

Missiya kuzatuv davomida O‘zbekistonning YeXHT oldidagi saylovlarni o‘tkazish majburiyatlari, shu jumladan, demokratik saylov standartlari va boshqa xalqaro majburiyatlar hamda milliy qonunchilik talablaridan kelib chiqib, saylov o‘tkazilishi jarayonlarini baholaydi.

Missiya Toshkentda joylashgan 11 nafar mutaxassisdan iborat asosiy jamoa va mamlakatning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilardan iborat, ularni esa Ouen Merfi boshqaradi. Bundan tashqari, saylovlardan bir necha kun oldin yana YeXHTga a’zo davlatlardan 250 dan ortiq qisqa muddatli kuzatuvchilar yetib keladi.