Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 13 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kelgusi yillarda soliq stavkalarining pasaytirilishi budjet tushumlariga qanday ta’sir qilishi xususida ma’lumot berdi.

sentabr boshida Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturini taqdim qilar ekan, 2023 yildan QQS 15% dan 12% ga, 2022 yildan mol-mulk solig‘i — 2% dan 1,5% ga, alohida turdagi korxonalar uchun foyda solig‘i 20% dan 15% ga tushirilishini aytib o‘tgan edi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, soliq stavkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri pasaytirilgan holda budjet tushumlari kamayishi aniq. Bu katta tayyorgarlik talab etadigan jarayon hisoblanadi.

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘qotish katta bo‘lmaydi… Birinchidan, yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish, ikkinchidan, imtiyozlarni bekor qilish hamda QQS ma’murchiligini kuchaytirish hisobiga yo‘qotishlarni qoplash imkoniga ega bo‘lamiz», — dedi Ahadbek Haydarov.

Prezident QQS darajasini 20% dan 15% ga tushirish orqali 100 ming tadbirkor ixtiyorida10 trln mablag‘ qolishiga imkon yaratishini aytib o‘tgan edi.

Ahadbek Haydarov alohida toifadagi korxonalardan olinadigan foyda solig‘ini 20% d an 15% ga tushirish masalasiga ham to‘xtaldi. Hozirgi paytda foyda solig‘ini 20% lik stavkada to‘laydigan alohida toifadagi korxonalarga quyidagilar kiradi:

  • banklar;
  • sement ishlab chiqaruvchilar (oktabrdan — 15%) va polietilen granulalar ishlab chiqaruvchilar;
  • asosiy faoliyat turi mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan korxonalar;
  • bozor va savdo markazlarida xizmat ko‘rsatishdan foyda oluvchilar.

«Daromad solig‘ini 20% dan 15% ga tushirish bevosita yo‘qotishga olib keladi. Ammo bu turdagi korxonalarning aksariyati davlat korxonalari ekanligini hisobga olsak, ularda dividenddan olinadigan daromadlar oshadi va dividenddan olinadigan soliq hisobiga [yo‘qotishlarning] bir qismi qoplanadi… Shuningdek, ishlab chiqarishning kengayishi hisobiga boshqa turdagi soliq tushumlarini oshirish imkoniga ega bo‘lamiz» — dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

2021 yilgi davlat budjetini tasdiqlashda QQS (46,9 trln so‘m), foyda solig‘i (26 trln so‘m) va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq (12,9 trln so‘m) budjet daromadlarining asosiy manbasi bo‘lishi ma’lum qilingan edi.

2019 yil sentabr oyida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov QQS stavkasining 20% dan 15% gacha pasayishi hisobiga davlat budjetiga soliq tushumlarining kamayishi qanday kompensatsiya qilinishi ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda hukumat aksiz solig‘i stavkalarini indeksatsiya qilish, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, shuningdek, elektron hisob-fakturalarni joriy etish, soliqqa tortiladigan bazani va QQS to‘lovchilar doirasini kengaytirish chora-tadbirlarini qo‘llagan.