Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi («O‘zkomnazorat») TikTok, Twitter, «VKontakte» va Skype messenjerlarining O‘zbekistondagi faoliyatini chekladi. Bunga sabab o‘zbekistonliklarning shaxsu ma’lumotlari O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va qayta ishlanishi ekanligi aytilmoqda.

«Gazeta.uz»ning aniqlik kiritishicha, «O‘zkomnazorat» shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reyestrini yuritadi. Ushbu reyestrga yuqorida aytilgan platformalardan tashqari Xitoyning WeChat (Tencent) ijtimoiy tarmog‘i ham kiritilgan. Reyestrda aytilishicha, «O‘zkomnazorat» ijtimoiy tarmoqlarga iyun oyida taqdimnoma yuborgan va ularning faoliyatini 2 iyul kuni cheklagan.

Cheklovlar natijasida O‘zbekistonda blok qilingan saytlarni ochishda yordam beradigan VPN mobil ilovalari birdaniga ommalashdi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida «O‘zkomnazorat» Mail.ru Group (VKontakte), Twitter va Tencent (WeChat) ijtimoiy tarmoqlari egalariga «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunning 27−1 moddasiga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Ya’ni, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari qayta ishlanadigan serverlarni mamlakat ichida joylashtirish kerak edi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazoqov ijtimoiy tarmoqlarni bir oyga bloklasa, yoshlar kitob va gazeta o‘qishni boshlashi haqida aytgan edi. Deputat Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlarning cheklanishini «axborot juda kulguli va asridagi absurd» deb ta’riflagan edi.