Buxoro hokimi Botir Zaripovning koronavirusga chalingani tasdiqlandi, deya xabar qildi Daryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev va boshqa OAV manbalariga tayanib.

Axborot xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hokim kasallikning yengil turini yuqtirib olgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Botir Zaripov aholi va fuqarolar bilan uchrashuvlarda har doim ular bilan yaqin masofada bo‘lib kelgan.

«Odamlarni shu qadar yaxshi ko‘radi va o‘ziga juda yaqin oladi. Ularga hurmat va ehtirom sifatida qo‘l cho‘zib ko‘rishadi, yoshi keksa otaxon-onaxonlarga yelka tutadi. Bu esa shuncha himoyalanishga qaramay, kasallikning yengil formasini yuqtirishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Botir Zaripov 27 iyun kuni Buxoro shahridagi «Xo‘ja Mushkin» hamda «Zarafshon» mahalla fuqarolar yig‘inining obodonlashtirishdan keyingi ochilish marosimlarida qatnashgan. Lavhalardan ko‘rinib turibdiki, hokim niqobsiz bo‘lgan, fuqarolarning qo‘lini siqib, masofa saqlamagan.

30 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar va talabalar forumida Yoshlar kuni munosabati bilan nutq so‘zladi. Viloyatlar rahbarlari tadbirda videokonferensaloqa orqali qatnashdilar, biroq Botir Zaripov studiyada yo‘q edi. Fotosuratlar va hokimlik ma’lumotlariga tayanilsa, hokim 30 iyun kuni Buxoroda bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov raisligidagi kengaytirilgan yig‘ilishda ham qatnashmagan.

Daryo bu haqdagi xabar saytda e’lon qilinishi arafasida Olim Jo‘rayevning hokim bilan telefon orqali muloqot qilgani, hokim Toshkent shahriga davolanish uchun emas, oilaviy dam olish uchun ketganini aytganini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorov hamda hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Feruza Ibragimova ham ayni kunda salomatligini tiklagan va ishga qaytgan. «Gazeta.uz» matbuot xizmati rahbari bilan bog‘lana olmadi.

«Turli mish-mish va noo‘rin gap-so‘zlarga hojat yo‘q. To‘g‘ri, kasallikning yengil formasini o‘tkazdim va men viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘n kuncha davolandim. O‘g‘limda ham kasallik kuzatilgani bois, unga ham muolajalar oldik. Shukurki, hozir salomatmiz», — dedi Feruza Ibragimova «Daryo»ga.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro viloyatining avvalgi hokimi v. b. Karim Kamolov 2020 yil 22 avgustda koronavirus asoratlaridan vafot etgan edi. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Navoiy viloyati hokimi Kobul Tursunov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ham COVID-19 bilan kasallangan edi. Ularning barchasi Toshkentda davolangan.

Ma’lumot uchun, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 mln 225 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida (26 iyundan 2 iyulgacha) 160 ta holat, bir hafta oldin (20 dan 26 iyungacha) — 118 ta holat aniqlangan.

Avvalroq Prezident administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi talabiga binoan, viloyatlar hokimlari Toshkentda davolanayotgani haqida xabar berilgan edi.