Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Toshkentda olib borilayotgan qator obyektlar qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Bir yil muqaddam prezident Sergeli tumanini poytaxt bilan bog‘laydigan yo‘l va yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishgan edi. 26 dekabr kuni ushbu yo‘lning muhim qismi bo‘lgan Qipchoq ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan ko‘prik ochildi. Bugungi kunda ushbu ko‘prikdan yangi yo‘l va Cho‘ponota ko‘chasiga boradigan yana bir ko‘prik qurilmoqda.

Kichik halqa yo‘li va Salar kanali ustida qurilayotgan ko‘prikning uzunligi 788 metr, chiqish-tushish qismi bilan hisoblaganda 950 metr bo‘ladi.

O‘ziga xos muhandislik yechimiga ega bu inshoot monolit uslubida, beton aralashmasi ichidagi temir to‘qimalarni tarang tortish texnologiyasi asosida bunyod etilmoqda. «Bu xavfsiz bo‘lishi bilan birga, qurish uchun juda qulay. Xususan, bu yerdagi ishlar ham Kichik halqa yo‘li va temir yo‘ldagi qatnovni to‘xtatmagan holda davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.

«Bu arzon, mustahkam, xalqimizga ham ma’qul texnologiya. Kelajakni hisobga olib, hali ko‘p joyda ko‘priklar quramiz. Shuning uchun mutaxassislar va talabalarni bu yerga olib kelib, jarayonni ko‘rsatish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rgatish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu ko‘prikdan Qipchoq ko‘chasigacha 6 kilometr yo‘l qurilmoqda. Toshkent halqa avtomobil yo‘li bilan kesishgan joyda tunnel bo‘ladi. Shu tariqa, poytaxtning Chilonzor tumanidagi Cho‘ponota ko‘chasi va Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi samarali bog‘lanadi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l — Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanmoqda. Shu bois unda qatnov juda ko‘p, tirbandlik katta.

6 qatorli yangi ko‘prik va yo‘l soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega bo‘ladi. Natijada Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, harakat vaqti 20−25 daqiqaga kamayadi.

Yo‘l bo‘ylariga energiya tejamkor yoritgichlar o‘rnatiladi. Bo‘sh maydonlarda «yashil hududlar» barpo etilib, piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lakchalar tashkil etiladi.

Shu yerda Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Yangi O‘zbekiston ko‘chasida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

«Gazeta.uz» Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan olti qatorli avtoyo‘l va uchta yo‘l o‘tkazgich qurilishi qiymati 280 mlrd so‘mdan 518,3 mldr so‘mgacha oshirilgani haqida yozgan edi. Qurilish ishlari Grand Road Tashkent tomonidan olib boriladi. Hukumat loyihani tendersiz amalga oshirish hamda qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta ishlari bilan bir vaqtda olib borishga ruxsat bergan edi.

Poytaxt hokimligi va bosh pudratchi buni qurilish materiallari narxining oshgani va loyiha takomilga yetkazilgani bilan izohladi.