Tataristonda o‘zbekistonlik talaba 5-qavatdan yiqilib, halok bo‘ldi

Tataristonning Naberejniy Chelni shahridagi qurilish maydonchasida o‘zbekistonlik talaba beshinchi qavatdan yiqilib, halok bo‘ldi. Fojia 21-may kuni ertalab soat 10:00 larda 33-mikrorayondagi qurilish maydonida yuz bergan. Ma’lum qilinishicha, vafot etgan yigit — O‘zbekistondan o‘qishga kelgan 21 yoshli Chelni universitetining talabasi. Yigit bir kun oldin qurilish kompaniyasida vaqtincha ishchi sifatida ishga joylashgan. U ikki kun davomida stajirovkadan o‘tishi kerak bo‘lgan.

Shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Chelnov Aydar Galiyev voqea joyiga yetib borgan. Hozirda fojianing sabablari aniqlanmoqda. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda.

4 oyda O‘zbekistonga 156 ta elektromobil olib kirildi. Bu 2020 yilgi jami ko‘rsatkichdan ham ko‘p

Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga 156 ta elektromobil import qilindi — bu 2020-yilgi jami ko‘rsatkichdan ham ko‘proq va 2019-yilga qaraganda to‘rt baravarga ortgan.

Elektromobillarning ko‘p qismi Xitoydan — 119 ta olib kelingan. Keyingi o‘rinlardan Turkiya (24 ta), Janubiy Koreya va AQSH (4 tadan), Germaniya (3 ta), Litva va Ispaniya (1 tadan) joy olgan.

Andijon shahar prokurori iste’foga chiqdi

Andijon shahar prokurori Qurbonali Asqarov ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. Bosh prokuratura uni ishdan ketishini shahar kengashi sessiyasidagi voqealar bilan bog‘liq emasligini aytmoqda. Avvalroq, xalq deputatlari Andijon shahar kengashi sessiyasida deputatlar tintuv qilinib, telefonlari olib qo‘yilgandi, qolaversa, shu kuni deputat Shuhratbek Karimov daxlsizlik huquqidan ham mahrum etilgan edi.

Poradan bosh tortgan IIB xodimiga 15 mln so‘m mukofot berildi

Pora tariqasida taklif etilgan 2 ming AQSH dollarini olmagan Samarqand IIO Faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi xodimi, kapitan U.Sarimovga 15 mln so‘m miqdorida pul mukofoti berildi. Uning ota-onasiga esa tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Qibraydagi 21 ta mahalla Toshkent shahri tarkibiga o‘tkaziladi

Toshkent shahri hududini Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 21 ta mahallani poytaxtning Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari tarkibiga o‘tkazish orqali kengaytirish rejalashtirilmoqda.

“Reyderlik yo‘li bilan tortib olishdi”. Uch qahramon bozoridagi mulkdorlar do‘konlari noqonuniy olib qo‘yilgani haqida

Uch qahramon bozoridagi 100 ga yaqin mulkdolardan 2009-yilda sotib olgan do‘konlari tushuntirishlarsiz olib qo‘yilayotgani aytilmoqda. Tadbirkorlar buni “reyderlik yo‘li bilan tortib olish” deb baholamoqda. “Gazeta.uz” muxbiri bozor ma’muriyati va yerning asl egasi hisoblangan qo‘shma korxona mutasaddisi bilan ham suhbatlashdi — tomonlar fikri.

O‘zbekiston tarixida ilk bor 4 nafar taekvandochi Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik taekvondochi Svetlana Osipova +67 kg vazn toifasida Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlariga 4 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi nomidan Ulug‘bek Rashitov (-68 kg), Nikita Rafalovich (-82 kg), Nigora Tursunqulova (-67 kg) hamda Svetlana Osipova (+67 kg) ishtirok etadi.

Toshkentdagi uchta yo‘l o‘tkazgich va yo‘llar qurilish qiymati 49 mln dollarga ko‘tarildi

Toshkentning Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan olti qatorli avtoyo‘l va uchta yo‘l o‘tkazgich qurilishi qiymati 280 mlrd so‘mdan 518,3 mldr so‘mgacha oshirildi. Qurilish ishlari Grand Road Tashkent tomonidan olib boriladi. Hukumat loyihani tendersiz o‘tkazishga ruxsat berdi.