6−7-may kunlari Toshkentda iqlim o‘zgarishi va moslashuv masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Tadbir BMTTD, Yashil iqlim jamg‘armasi (YAIJ) va Gidrometeorologiya xizmati agentligining O‘zbekistonda moslashish choralari va harakatlarini o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirishga qaratilgan “Iqlim o‘zgarishiga eng zaif bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalarga mo‘ljallangan milliy moslashuv rejasi” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va moslashish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuvlar va imkoniyatlarni taqdim etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining Milliy moslashuv rejalarini tayyorlashda olingan saboqlar haqida xabardorligini oshirishdan iborat.

Tadbirda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, davlat va nodavlat tashkilotlari, ilmiy hamjamiyat, xalqaro rivojlanish agentliklari va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida faoliyat yurituvchi moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan va bunday o‘zgarishlar oldida zaif bo‘lgan mintaqadir. Bu yerda havo harorati sayyoradagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,7 baravar tezroq o‘sib bormoqda, bu esa so‘nggi 50 yil ichida muzliklar maydonining hajmi deyarli 32 foizga qisqarishiga olib keldi. Bu daryolar oqimlarining pasayishiga olib kelish barobarida mintaqaning oziq-ovqat va energiya sohalaridagi xavfsizligi uchun xavf tug‘diradi.

Mintaqada hozirning o‘zida tobora ortib borayotgan suv resurslari taqchilligi (Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi ikki baravar kamaygan (3500 dan 1630 metr kubgacha), issiqlik to‘lqinlari davomiyligining oshishi, yog‘ingarchilik rejimi va jadalligining o‘zgarishi kuzatilmoqda. Bularning barchasi unumdor yerlar sifatining yomonlashuviga, shuningdek, cho‘llanish jarayonlarining davom etishi, avvallari bu hodisalarga duchor bo‘lmagan hududlarda chang va qum bo‘ronlarining tez-tez sodir bo‘lishiga olib keladi.

бмттд, iqlim o‘zgarishi, париж kelishuvi

“Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo davlatlaridan iqlim o‘zgarishi ta’sirining oldini olish va oqibatlarini yumshatish, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar va harakatlar rejalarini ishlab chiqishni talab qiladi. Resurslarni tejash va moslashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘lmagan taqdirda, mamlakatlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlab chiqarishining beqarorligiga va mintaqa mamlakatlarining oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladigan bir qator muammolarga duch kelishi mumkin”, — dedi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Qarman.

Anjumanda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot” ga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish, atmosfera havosini muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirishga ahamiyat qaratishga intilmoqda. Barqaror rivojlanishga qaratilgan “O‘zbekiston 2030” strategiyasida ekologiya va atrof-muhit, hududlarni muhofaza qilish va ko‘kalamzorlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq potensial xavflarni kamaytirish maqsadida harakatlarni rejalashtirish va amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Ushbu rejalashtirish va kutilayotgan harakatlar natijalari mahalliy, mintaqaviy va milliy moslashuv rejalarida aks ettirilishi kerakligi aytildi.

Yashil iqlim jamg‘armasi mamlakatlarning Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha Parij kelishuvi oldidagi majburiyatlarini bajarishlari uchun moliyaviy yordam ko‘rsatayotgani qayd etib o‘tildi. Konferensiya davomida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalar natijalari taqdim etilib, iqtisodiyotning iqlim o‘zgarishi jarayonlari oldida eng zaif bo‘lgan tarmoqlari uchun moslashuv rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuvlar muhokama qilindi.

Konferensiya dasturiga muvofiq, iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qurilish sektori va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga bag‘ishlangan tematik sessiyalarda muhokama qilindi.

Tadbir doirasida moslashuv chora-tadbirlarini moliyalashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Tematik sessiya davomida xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlari va moslashuv tadbirlarini moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Tadbir BMTTD tomonidan Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya masalalari qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi va O‘zbekiston ekologik harakati bilan birgalikda Yashil iqlim jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.

бмттд, iqlim o‘zgarishi, париж kelishuvi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2018-yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qilgan. 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari ajratilishini 2030-yilgacha 2010-yil darajasidan 35 foizga (ilgari ko‘rsatilgan 10 foiz o‘rniga) kamaytirish bo‘yicha oshirilgan majburiyatlarni qabul qilgandi.

Parij kelishuvida global haroratning ko‘tarilishini cheklash va moslashish mexanizmlarini amalga oshirish zarurligi, kelishuvning barcha tomonlari bu sa’y-harakatlarda ishtirok etishi zarurligi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, moslashuv milliy darajada rejalashtirish va amalga oshirish predmeti sifatida ham, xalqaro miqyosda rag‘batlantirish, hisobot berish va taraqqiyotni baholash subyekti sifatida ham ko‘rib chiqiladi.

Parij kelishuvining 7-moddasida tomonlar iqlim o‘zgarishining turli tizimlarga ta’sirini va ularning zaif tomonlarini baholashni hamda milliy moslashish rejalariga ega bo‘lishini aniq talab qiladi. Bundan tashqari, kelishuv mamlakatlar tomonidan ko‘rilgan moslashuv choralari, ularning amalga oshirilishi va samaradorligi to‘g‘risida xalqaro darajada to‘liq hisobot berishni nazarda tutadi.