Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida hokim qabuliga shikoyat qilib borgan ayol jamoatchilik tartibini saqlash bahonasida bir kun majburiy tartibda asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi. Bu haqda «Daryo»ga murojaat qilgan shahrisabzlik ayol Nodira O‘rinova ma’lum qildi.

Ayol yo‘llagan videomurojaatga ko‘ra, ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan Nodira O‘rinovaga takroriy murojaatlari inobatga olinib, 2018 yili unga Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan bepul uy-joy berilgan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, unga uy bilan qo‘shib berilmagan uy-jihozlarini — gilam, televizor, xontaxtalarni «berildi» deya respublika Kasaba uyushmasiga ma’lumot berilgan. «Demak, menga berilgan uy-jihozlarini kimdir o‘zi olgan va uy-jihozlari mening nomimda qolgan. Men shu adolatsizlikni fosh qilish maqsadida MFY raisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limining (o‘sha paytdagi — tahr.) rahbari Shahlo Rahmonovaga ko‘plab murojaatlar qildim, ammo natijasi bo‘lmadi», — deydi u.

Qashqadaryo viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Dolli Allayevning 2021 yil 30 yanvar kuni fuqaro Nodira O‘rinovaga yo‘llagan javob xatida unga yangi uy bilan birga xontaxta, televizor va gilam berilgani haqida noto‘g‘ri axborot bergan «Do‘stlik» MFY raisi Rustam Bozorov hamda uning o‘rinbosari Mohira Karimovalar shu qilmishi uchun lavozimidan olingani ma’lum qilingan.

«Shahrisabz shahriga yangi hokim Akrom Sulaymonov kelgach, yangi hokimga ham bu haqda shikoyat qildim va ko‘zbo‘yamachilikning boshida turgan Shahlo Rahmonovaning qilmishlarini ochib tashladim. Biroq murojaatlarimga o‘z vaqtida javob berilmagani uchun 2021 yilning 5 aprel kuni hokim qabuliga qayta bordim va xatimga javob talab qildim. Shunda hokim jahl ustida „chaqir uchastkavoyni“, dedi. Vaziyatdan foydalangan Shahlo Rahmonova esa, xatingizga men javob beraman deya, meni hokimlikning pastki qavatiga olib tushib, MFY raisi va uchastkavoyga berib yubordi», — deydi murojaatchi ayol.

Murojaatchi Nodira O‘rinovaning aniqlik kiritishicha, 2021 yil 5 aprel kunidagi voqea, uning Kitob tumanidagi viloyat 2-sonli asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasiga qamalishi bilan yakunlangan.

«Shahlo Rahmonova meni hokimlik binosining pastki qavatiga olib tushib, «Do‘stlik» mahallasining yangi raisi Farruh Iskanov hamda «uchastkavoy» Zohid Amirqulovga ro‘para qildi. Mahalla raisi va «uchastkavoy» mening qo‘limni orqaga qayirib, qo‘llarimni ko‘kartirib, «uchastkavoy»ning Matiz mashinasida «jinnixona»ga olib borib tashladi. Ularning adolatsizligi sabab men bir kun «jinnixona»da majburiy qamab qo‘yildim», — deydi Nodira O‘rinova.

Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, videomurojaat bilan chiqqan 1964 yilda tug‘ilgan Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Nodira O‘rinovaning bildirgan ko‘rsatmasi bo‘yicha Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati tomonidan mazkur holat bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda. O‘rinova Nodiraning videomurojaati yuzasidan Shahrisabz shahar hokimligida ishchi guruhi tuzildi.

«Shahrisabz shahar mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan, shahar kengashi deputati Shahlo Rahmonova shu yilning 29 aprelida egallab turgan vazifasidan ozod qilingan. O‘rganish natijalari haqida albatta xabardor qilamiz», — deyiladi xabarda.