Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sport sohasida qator voqea-hodisalar sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi. O‘zbek va jahon sportidagi haftaning eng muhim xabarlari bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

18 apreldan 19 aprelga o‘tar kechasi Yevropada 12 ta top klub futbol bo‘yicha Superliga tashkil qilishlarini e’lon qilishdi. UEFA bunga qarshi chiqib, jamoalarga sanksiyalar qo‘llashini, o‘yinchilarni ham musobaqalaridan chetlatishi mumkinligini aytdi.

20 aprel kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga chiquvchi terma jamoalar nomini ma’lum qildi. Unga ko‘ra Eron, Yaponiya va O‘zbekiston futzal termalari Litvadagi jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Jahon chempionati 2021 yil 12 sentyabr — 3 oktyabr kunlari Litva mamlakatida bo‘lib o‘tadi.

20 apreldan 21 aprelga o‘tar kechasi “Paxtakor” jamoasi OCHL guruh bosqichida 3-tur uchrashuvini “Sharja” klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 1:4 hisobi qayd etildi va unda sharjaliklar g‘alabaga erishishdi.

Aynan shu kuni Angliyaning “Chelsi”, “Arsenal”, “Liverpul”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” va “Tottenxem” klublari Superligada qatnashishdan bosh tortgandan keyin musobaqa rasman to‘xtatildi. Keyinroq loyiha qaytadan ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

21 apreldan 22 aprelga o‘tar kechasi AGMK jamoasi OCHL guruh bosqichida 3-tur uchrashuvni BAAning “Shabab Al Ahli” klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 2:1 hisobida olmaliqliklar irodali g‘alabaga erishishdi.

22 aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi guruh bosqichining 1-tur uchrashuvlari yakunlandi. Guruhlardagi vaziyat:

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

13−23 aprel kunlari Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston qizlar va yigitlar terma jamoasi 18 nafar bokschi bilan (10 nafar o‘g‘il bola, 8 nafar qiz) ishtirok etdi. O‘tkazilgan janglar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi bokschilari 10 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Nigina O‘ktamova Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik birinchi ayol bokschi bo‘ldi.

23 apreldan 24 aprelga o‘tar kechasi “Paxtakor” jamoasi OCHL guruh bosqichida 4-tur uchrashuvini “Sharja” klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 1:1 hisobi qayd etildi va jamoalar 1 ochkodan bo‘lishib olishdi.