AGMK jamoasi OCHL guruh bosqichida 3-tur uchrashuvni BAAning «Shabab Al Ahli» klubiga qarshi o‘tkazdi. Birinchi bo‘limning 28-daqiqasida «Shabab Al Ahli» tomonidan tashkil etilgan hujum samarali yakunlandi. Bu vaziyatda Ahmed Alhashmi jarima maydonchasiga oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi.

Ikkinchi taym startida hisob tenglashishi mumkin edi. Lekin Sanjar Tursunovning jarima maydonchasi atrofidan yo‘llagan zarbasiga salgina aniqlik yetishmadi. Shundan so‘ng Sanjar Shoahmedov va Husniddin G‘ofurovning zarbalaridan keyin ham «Shabab Al Ahli»ni darvoza ustuni qutqardi. «Shabab Al Ahli» tomonidan sodir etilgan ikkita xavfli hujum va bir jarima zarbasini Suhrobjon Sultonov mahorat ko‘rsatib bartaraf etishni uddasidan chiqdi.

Uchrashuvning 87-daqiqasida Murod Toshmatov uzatgan to‘pni Kasyan Jokich tarafga boshi bilan yo‘naltirdi, Yovan esa darvoza to‘rini ishg‘ol qildi. Oradan 4 daqiqa o‘tib, hakam tomonidan qo‘shib berilgan birinchi daqiqada AGMK kambekni amalga oshirib, g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishga erishdi. Jokich jarima maydonchasi oldida to‘pni qabul qilib, uni G‘ofurov tomon uzatdi. Husniddin esa pas orqali chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga kirib kelayotgan Akrom Komilovni to‘p bilan ta’minladi. Komilov esa to‘pni darvozabonning yaqin burchagiga joyladi va AGMKga tarixiy g‘alabani taqdim etuvchi golga mualliflik qildi.

O‘yindan so‘ng olmaliqliklar ustozi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirdi.

Foto: AGMK matbuot xizmati

«O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, ikki jamoaga ham g‘alaba muhim edi. Yutuq ishtiyoqida maydonga tushgandik. O‘tgan uchrashuvdagi mag‘lubiyatga qaramasdan futbolchilar o‘yinga to‘g‘ri yondashishdi va yaxshi tayyorlanib, OCHL guruh bosqichidagi ilk g‘alabani tantana qildik. Bu ham kichik tarix. G‘alaba seriyasi ochilganidan xursandmiz. Raqib „Shabab Al Ahli“ yaxshi, kurashuvchan va shiddatli futbol namoyish etadigan jamoa. O‘ylashimcha, bugungi o‘yin yaxshi darajada o‘tdi. Ikkinchi taymda jamoamiz o‘yinni kuchaytirdi va bu jihat bellashuv yakuniga borib o‘z samarasini berdi. Xursandmiz. Lekin bu g‘alabani esdan chiqarib, keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Hali hammasi oldinda. Fursatdan foydalanib bizga ishongan va o‘tgan uchrashuvdagi mag‘lubiyatga qaramasdan jamoamizni qo‘llab-quvvatlab, dalda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik barcha futbol muxlislariga katta rahmat aytamiz. Va ularni g‘alaba bilan tabriklaymiz», — deydi Qosimov.

Ma’lumot uchun, guruhdagi ikkinchi o‘yinda «Al Hilol» «Istiqlol» bilan bellashdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa guruhda «Al Hilol» 7 ochko bilan peshqadam, «Istiqlol» va AGMKda esa 4 ochkodan mavjud. Birinchi davra o‘yinlaridan so‘ng guruh autsayderi esa 1 ochko jamg‘argan Dubayning «Shabab Al Ahli» jamoasi bo‘lib turibdi. Keyingi tur o‘yinlari 24 aprel kuni o‘tkaziladi va unda aynan ushbu jamoalar o‘zaro javob bellashuvlarida kuch sinashishadi.