20 apreldan 21 aprelga o‘tar kechasi Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida BAA futbol klubi «Sharjaga» qarshi to‘p surdi.

10-daqiqada Kayoning jarimadan tepgan to‘pini Sanjar Quvvatov qaytargach, Holid Bavazir qaytarilgan to‘pni darvozaga yo‘llab hisobni ochdi. 21-daqiqada Dragan Cheran muvozanatni tikladi. U Sardor Rashidovning zarbasidan keyin «Sharja» posboni qaytargan to‘pga birinchi yetib kelgandi. 26-daqiqada Kayoning tezkorlik bilan oldinga o‘tib, uzatgan to‘pini Salim Solih darvozaga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda Kayoning o‘zi hisobdagi farqni oshirgan bo‘lsa, keyin u boshlagan hujumni Pereyra yakuniga yetkazdi — 4:1. Shu tariqa «Paxtakor» ushbu mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatini tan oldi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Xyuistra quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

«Biz uchun yomon natija. Raqibdan bir futbolchi o‘yin taqdirini hal qildi. Kayo barcha ishni bajarib berdi. Endi keyingi bahs haqida o‘ylashimiz kerak. Guruhdagi holatimiz juda yomonlashdi. Endi faqat g‘alabalar bizga yordam berishi mumkin.

Yuqori saviyali futbolchilar ketishi ta’sir qiladi. Bellashuvni hal qiladigan o‘yinchilarning o‘rnini to‘ldirish qiyin. Bizda Masharipov yo‘q, endi yoshlarni o‘stirishga intilamiz. Ular shunday o‘yinlarda o‘sib borishadi. O‘z kuchimizga ishonib, navbatdagi bahsga tetik holda hozirlik ko‘rishimiz zarur.

Rashidovning holatini to‘liqroq endi bilib olamiz. Umid qilamanki, u hali bizga yordam beradi.

«Sharja» guruhda juda yaxshi holatda. Lekin jamoalar deyarli yaqin saviyada va hali barcha narsa o‘zgarib ketishi mumkin", — dedi Xyuistra.

Ma’lumot uchun, 3-turdan so‘ng «Paxtakor» o‘z guruhida 2 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi OCHLdagi 3-tur bahsini BAAning «Shabab Al Ahli» klubiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.