23 aprel kuni Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘zlashtirish, vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligida ayblangan Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov va boshqa kompaniyalar rahbarlarining jinoyat ishi yuzasidan hisobot berdi.

Bosh prokuror sobiq hokim o‘rinbosarining korrupsiyaviy harakatlarini fosh etishda jamoatchilik va bloggerlarning katta rolini ta’kidlab o‘tdi.

«Aytish joiz, Rahmonqulov 2018 yilda viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangach, uyushgan guruh tuzib, milliardlab byudjet mablag‘larini talon-toroj qilib kelgan. Shu maqsadda qurilish sohasiga mas’ul viloyat tashkilotlari rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, ular orqali o‘zining g‘arazli maqsadlariga sharoit yaratgan», — dedi u.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, 2018−2020 yillarda Akram Rahmonqulov «jami 494 mlrd so‘mlik 82 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan». Bu hozirgacha tergovda aniqlangan holatlar, deb aytdi u.

Bosh prokuror ma’lum qilishiga ko‘ra, tergovda Akram Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi «Eski shahar» buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlangan.

Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Akram Rahmonkulov «prezident siyosatiga xiyonat qilgan» degan edi. Davlat rahbari bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga vaziyatni nazoratga olish va mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan.

Ushbu bayonot davlat xaridlari bo‘yicha tergov va ko‘p qavatli uyning qulashi fonida yangragan. Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyati hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» tomonidan amalga oshirilgan yuzlab mlrd so‘mlik yirik davlat buyurtmalari asoschilari Akram Rahmonqulovning sheriklari bo‘lib chiqqan kompaniyalar tomonidan qabul qilingan edi.

10 yanvar kuni kechga yaqin Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli, 1−2 qavatlari savdo do‘koni, 3−6 qavatlari uyga mo‘ljallangan 240 kv.mlik bino qulab tushgan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov Jizzaxda qulagan 6 qavatli uy masalasida ma’lumot bera turib, «To‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema», — deya ta’kidlgan.

Prokuratura tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari ko‘ra Akram Raxmonqulov, komissiya va boshqa tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan 167-moddaning uchinchi qismining «a» bandi (ko‘p miqdorda firibgarlik), 205-moddaning 2-qismi «a» bandi (vakolat yoki xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish bilan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.