Payshanba kuni Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hamda boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat ayblovchilari Nig‘monov va Qurbonboyev so‘zga chiqib, muzokaralar yakuni bo‘yicha suddan ayblanuvchilarni ma’lum moddalarda aybli deb topib, jazo tayinlashni so‘ragan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Axrorov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, davlat ayblovchisi Nig‘monov ayblanuvchiga jazo qo‘llashda uning qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olishni so‘ragan.

Davlat ayblovchilari Nig‘monov va Qurbonboyev.

«Davlat ayblovchisi sudga raislik etuvchidan Guljahon Yo‘ldoshevaga Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi „a“ bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lishi), 209-moddasi 2-qismi „a“ bandi (takroran sodir etilgan mansab soxtakorligi) va 167-moddasi 3-qismi „a“ bandida ko‘rsatilgan (juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, uzil-kesil 3 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilish va 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni so‘radi», - deya uning so‘zlarini keltirmoqda advokat Xushnud Axrorov.

O‘z navbatida Yo‘ldoshevaning himoyachilari Axrorov va Mahmudov ham «ayblovga nisbatan o‘zining asosli e’tirozini bildirgan».

«Har bitta epizodni bittalab, hammasi asossiz ekanini isbotlab berdik. Tergov tomonidan taqdim qilingan hujjatlar, olingan ashyoviy dalillar va qon tahlili kitobi soxtalashtirilganini, jinoyat ishiga kiritilishi to‘g‘risida bayonnomalar qalbakilashtirilganining o‘zi tergovchi tomonidan „mansab soxtakorligi“ deb uyushtirilgani, yolg‘on guvohlarga tayanilganini ham isbotladik», — dedi Axrorov.

Advokat Xushnud Axrorov.

Advokatlar Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan sun’iy ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda bunda Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i (To‘raqul Orziqulov) va Chirchiq shahar prokurori (sobiq prokurori Baxtiyor Ibrohimov) tashabbus ko‘rsatganini ta’kidlashdi.

Himoyachilarning mazkur so‘zlari Kun.uz nashri tomonidan e’lon qilinayotgan sud majlisidan videoda ham aks etgan.

Navbatdagi sud majlisi 15 mart kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Guljahon Yo‘ldosheva va yana to‘rt nafar shaxsga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud 27 noyabrda boshlangan edi. Sud Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasini o‘zgartirishni rad etgan edi.

Sud jarayonlarining birida Guljahon Yo‘ldosheva «dastlabki tergov organi tomonidan ayblov asossiz qo‘yilgan», deya ta’kidlagan edi. Uning advokati Axrorov esa «Yo‘ldoshevani sudda Farrux Rustamovning o‘limiga umuman aloqasi yo‘q"ligini aytgan edi.

Ma’lumot uchun, 10 avgust kuni fuqaro Sh. Minbayev Chirchiq prokuraturasiga qarindoshi F.Rustamov 1 avgust kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishi oqibatida 2 sentyabr kuni sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni talon-toroj qilish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayblari bilan qamoqqa olingandi. U 8 sentyabr kuni Chirchiqdagi go‘zallik salonida qo‘lga olingan. Saida Mirziyoyeva Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jazo chorasini o‘zgartirishni so‘ragach, u uy qamog‘iga o‘tkazildi. O‘shanda xuddi shunday so‘rov Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham bildirilgan edi.

Ozodlikdan cheklash bu — sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini yoki sutkaning muayyan vaqtida tark etishni butunlay taqiqlashdan iborat. Ozodlikni cheklash 1 oydan 5 yilgacha tayinlanadi. Sud cheklash bilan birga ommaviy tadbirlarda qatnashish, internetdan foydalanish kabi boshqa taqiqlarni ham qo‘yishi mumkin. Mahkum ushbu jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlasa, o‘talmagan muddat boshqa turdagi jazo bilan almashtirilishi mumkin.