19 oktyabr kuni Toshkentda avtobuslar, metro va mikroavtobuslar yo‘lovchilariga nafaqat himoya niqoblari, balki tibbiy qo‘lqoplar kiyishlari ham majburiy qilib qo‘yildi. Transport vazirligi poytaxtdagi jamoat transporti haydovchilari, kassalari va konduktorlari tomonidan yo‘lovchilarga qo‘lqoplar bepul taqdim etilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Anvar Jo‘rayev. Foto: Uzreport TV.

Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Toshkent transport boshqarmasi boshlig‘i va «Toshshahartransxizmat» rahbari Anvar Jo‘rayev Toshkentda jamoat transportlarida qo‘lqop kiyish talablari AQSH va Rossiya tajribasini o‘rganish hisobiga joriy qilinganligini aytdi.

«Buning eng asosiy sababi, har bir yo‘lovchimiz bir kunda o‘rtacha 20−30 daqiqa vaqtini transportda o‘tkazadi. Shu davrda yo‘lovchilarimizga chiptachilar, haydovchilar hamda metrodagi kassa va metro operatorlari tomonidan bepul bir martalik qo‘lqoplarni tarqatmoqdalar. Mingdan ortiq yo‘lovchilar transport vositasidan foydalanayotganini hisobga olsak, ushbu qo‘lqoplardan to‘g‘ri foydalanib, tutqichlarni ushlasa, xavf kamayadi», — dedi u.

Transport departamenti rahbari qo‘lqoplarning narxini ham aytib o‘tdi. «Bularning barchasi yo‘lovchilarimiz hisobidan emas, balki transport korxonalari tomonidan sotib olinmoqda. Har bitta qo‘lqopning narxi 56 so‘mdan aylanmoqda. Demak, yo‘l kira 1400 so‘mni tashkil qilayotgan bo‘lsa, bu bor yo‘g‘i 4 foizini tashkil qilayapti», — dedi transport boshqarmasi boshlig‘i.

Qo‘lqop kiyish talablari joriy qilingan birinchi kundanoq yo‘lovchilar axlat qutilarining haddan tashqari to‘lib qolayotgani aks etgan fotosuratlarni joylashni boshlashdi. Anvar Jo‘rayev ushbu muammoni hal qilish uchun yirik avtobus bekatlari hamda metroga kirish va chiqish joylarida katta hajmli axlat qutilari o‘rnatilishini ta’kidladi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» poytaxt metropoliteni ma’muriyati axlat qutilarini tozalash jadvalini qayta ko‘rib chiqqanligini qo‘shimcha qildi.

Transport bo‘limi boshlig‘i yo‘lovchilarning atigi 5−10 foizi metropolitendagi antiseptik dozatorlaridan foydalanganini, bu esa qo‘lqop tarqatish qaroriga kelishga sabab bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Avgust oyida Toshkent metropoliteni kuniga 240 ming yo‘lovchiga, halqa metrosi — 46 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi haqida xabar berilgan edi. «Toshshahartransxizmat» kuniga 600 mingdan ortiq yo‘lovchi tashiydi (2019 yil boshidagi statistika).

«Oybek» metro bekati. Foto: «Gazeta.uz».

«Oybek» metro bekati yaqinidagi avtobus bekati. Foto: «Gazeta.uz».

«Xalqlar do‘stligi» metro bekati yonida. Foto: «Gazeta.uz».

«Buyuk ipak yo‘li» metro bekati yaqinida uyulib qolgan qo‘lqoplar. Foto: «Gazeta.uz».

E’tiborlisi shundaki, JSST iyun oyida aholiga koronavirus tarqalishining oldini olishda qo‘lqopdan foydalanishning samarasiz ekani va tavsiya etilmasligini ma’lum qilgan edi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lqop kiyish infeksiyani yuqtirish xavfini oshirishi mumkin: odam infeksiya mavjud yuzaga qo‘lini tekkizganidan keyin uni yuziga olib borib, o‘ziga yoki boshqalarga kasallik yuqtirishi mumkin.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) jamoatchilikni faqat tozalash yoki kasallarga yordam ko‘rsatish holatlarida qo‘lqop kiyishni tavsiya qildi.

Moskvada 16 oktyabrdan boshlab yo‘lovchilarni jamoat transportiga niqob va qo‘lqopsiz kiritish taqiqlandi. Shu bilan birga, Rossiya poytaxtida jamoat joylarida niqob va qo‘lqop kiyish 12 maydan boshlab majburiy qilib qo‘yilgan.