7 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Mintaqadagi voqealar rivoji yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirildi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, tadbirkorlar va hududlarning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali kooperatsiyani kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor berildi.

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Shuningdek, davlat rahbari Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Ikkala holatda ham davlat rahbari hamkasblari bilan mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni saylov natijalaridan norozi bo‘lgan bir necha ming kishi Bishkek ko‘chalariga norozilik namoyishlariga chiqdi. Namoyishchilar Oq uyni (parlament va prezident ma’muriyati joylashgan), shahar hokimligi va hukumat binosini egallab olishdi. Shuningdek, ular mamlakatning sobiq rahbari Almazbek Atambayevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasidan ozod qilishdi. Yakunda Qirg‘iziston saylovlari va referendumlari bo‘yicha markaziy komissiyasi saylovlardagi ovoz berish natijalarini bekor qildi.