Toshkentning Bektemir tumani hokimi Shohrux Baxtiyorov Mamajonov lavozimidan ozod qilindi. Sektor rahbarlari — prokuror, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i ham lavozimlarini tark etdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi.

21 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda tumanda ishsizlik darajasi 3,3 foiz, shu jumladan, ayollar orasida 1,7 foiz, yoshlar o‘rtasida 1,5 foiz ekani qayd etildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari yetishmasligi, qator mahallalarda ichki yo‘llar holatining yomonligi, kommunal tizimlarda ham kamchiliklar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bektemir tuman sektor rahbarlari. Foto: Bektemir tuman hokimligi.

Shoxruh Mamajonov Bektemir tumanida 2018 yil iyuldan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz»ning hukumatdagi ikki axborot manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yil iyuldan buyon Yashnobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Xojiakbar Kamoliddinovich Tillashayxov ham vazifasidan chetlashtirildi.

Xojiakbar Tillashayxov. Foto: Yashnobod tuman hokimligi.

Yaqin vaqtlarda Toshkentning Sergeli, Yashnobod va Bektemir tumanlariga yangi hokimlar tayinlanishi kutilmoqda.