O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha 10 avgust kuni yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan tadbir boshida davlat rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, barcha hududlarda davolash o‘rinlari va tibbiy uskunalar soni bir necha barobar ko‘paytirilgani, tez tibbiy yordam va davolash sifati yaxshilangani natijasida oxirgi bir haftada mamlakat bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi oshgani qayd etildi.

Fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq prezidenti Shavkat Mirziyoyev: «Biz karantinni qancha uzoq vaqt davom ettirsak, odamlarni shunchalik qiynab qo‘yamiz», — degan edi. Davlat rahbari o‘shanda zudlik bilan koronavirus bilan kasallangan barcha bemorlarni qamrab oladigan davolash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

7 avgust kuni esa Senat raisi Tanzila Norboyeva karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinishini qayd etib o‘tdi. «Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi keng targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz, kasallikka chalinganlarni ishlab chiqilgan protokollar asosida davolash bilan birga normal hayotga qaytarishimiz, ya’ni iqtisodiyotimizni rivojlantirishimiz zarur», — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 10 iyuldan O‘zbekistonda yangi karantin cheklovlari joriy etilib, keyinroq u 15 avgustga qadar uzaytirilgan edi. Shu bilan birga, 3 avgust kuni Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari, 10 avgustdan Buxoro viloyatida karantinni yengillatish boshlandi.