O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisida Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlari himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu parlament so‘rovi fuqarolarning turli davlat tashkilotlariga yuborgan murojaatlari asosida shakllantirilgan.

Senatorlar ikki tomonlama bitimlar borligiga qaramay, fuqarolarni ishga tashkiliy tarzda joylashtirish ko‘rsatkichlari pastligicha qolayotganini ta’kidladilar. Masalan, 2019 yilda Rossiyada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy agentliklar tomonidan tashkiliy tarzda qabul qilish orqali 1425 kishi ishga joylashtirilgan.

Moskva shahridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha mehnat migrantlarining 25,4 foizi tegishli patentni rasmiylashtirmay ishlamoqda. Ya’ni Rossiya qonunchiligiga ko‘ra noqonuniy faoliyat olib bormoqda.

Tartibsiz mehnat migratsiyasining mavjudligi, mehnat migrantlarining jamiyatga moslashuvi past darajadaligi bilan bog‘liq muammolar hal etilmaganligi, rus tilini, Rossiyaning mehnat va migratsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini sust darajada bilish fuqarolarning huquqlarini ta’minlashda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Senatorlar tomonidan xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hukumat oldida turgan ustuvor masalalar sirasiga kirishini ta’kidlab o‘tildi.

Avvalroq Senatda yarim yillik faoliyat yuzasidan hisobot bergan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov xorijdagi mehnat migrantlari himoyasi borasida kamchiliklar borligini tan olar ekan, birgina Moskva okrugidagi konsulxonada 4 nafar xodim 1,7 mln kishiga xizmat ko‘rsatayotganini ta’kidlagan edi. TIV rahbari bu kabi muammolarni hal qilishda parlament bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, migrantlarga yordam berish bo‘yicha keng ko‘lamli davlat dasturi bo‘lishi kerakligiga ham e’tibor qaratdi.