16 iyul kuni Toshkent viloyatining Qibray tuman ma’muriy sudi Sulton Tex Group kompaniyasining O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuxrat Teshayevga qarshi shikoyatini ko‘rib chiqishni boshladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» ga korxona vakili.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining yuridik manzili Qibray tumanida ro‘yxatda bo‘lgani sababli mazkur ish Qibray tuman ma’muriy sudi sudya Axrorbek Eraliyev tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

O‘ktam Barnoyev — paxta va to‘qimachilik klasterlari faoliyati va salohiyatini baholash bo‘yicha Respublika ishchi guruhining rahbari, Jamshid Xo‘jayev — ishchi guruhi rahbarining o‘rinbosari, Shuhrat Teshayev — ishchi guruh a’zosi, paxta va to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tahlil qilish bo‘yicha respublika shtab boshlig‘i hisoblanishadi.

Korxonaning ijrochi direktori Nurbek Ergashev suddan yuqoridagi va boshqa mansabdor shaxslarning ba’zi harakatlarini noqonuniy deb e’lon qilishni so‘radi. Gap Sulton Tex Group ga bank tomonidan paxta yetishtirish uchun kredit sifatida ajratilgan 5,6 mlrd so‘mni g‘alla hosilini oziqlantirish va g‘alla o‘rish kombaynlarini ta’mirlashga yo‘naltirish bo‘yicha talab va majburiyatlar qo‘yilgani haqida ketmoqda («Gazeta.uz» bu haqda batafsil yozgan edi).

Bundan tashqari, tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, 8 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda keltirilgan korxona faoliyati to‘g‘risida «asossiz» ma’lumotlarni berish qonunga zid. Natijada bu Sulton Tex Group`ning paxta va to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarilishi va uning o‘rniga kooperatsiya yaratilishi (fermerlarni klaster bilan shartnomalarni to‘xtatish va kooperativga o‘tishga majbur qilish orqali), shuningdek paxta tozalash zavodi va boshqa qurilmalarning tortib olinishiga olib keldi. Bularning barchasi O‘ktam Barnoyev tomonidan imzolangan hukumatning 8 apreldagi yig‘ilish bayonnomasida ko‘rsatilgan.

Nurbek Ergashevning ta’kidlashicha, protokol Adliya vazirligida yuridik ekspertizadan o‘tmagan, ammo u shu holda ham kuchga kiritilgan, oqibatda bu xususiy korxonaning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazgan.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, 25 mart kuni Respublika ishchi guruhi o‘z xulosasida Sulton Tex Group`ga o‘z faoliyatini klaster sifatida davom ettirishga ruxsat bergan, ammo ikki haftadan so‘ng u kompaniyani klasterlar ro‘yxatidan chiqarish va kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida xulosa qildi.

Shuningdek, Nurbek Ergashev suddan ayblanuvchilarga korxona huquqlarini tiklash majburiyatini yuklashni, ya’ni 15 ming gektar maydonda klaster faoliyatini qayta tiklashni talab qilmoqda.

«Biz Sulton Tex Group`ga tegishli protokol punktlarini olib tashlashni so‘radik. Bundan tashqari, O‘ktam Barnoyevning protokoli huquqiy ekspertizadan o‘tmadi. Korxonamiz faoliyatini davom ettirish uchun qaysinisi muhim: yig‘ilish bayonnomasimi yoki Vazirlar Mahkamasi va prezident qarorlarimi? Hozir kompaniyamiz to‘xtab qolgan, uskunalar, stimulyatorlar, mineral o‘g‘itlar turib qoldi. Bularning hammasi rahbarlarning puxta o‘ylanmagan qarorlari, bosimlari sababli sodir bo‘ldi. Buni hal qilish uchun biz sudga murojaat qilamiz. Biz adolat qaror topishi uchun oxirigacha kurashamiz. Boshqa ilojimiz yo‘q», — ma’lum qildi u «Gazeta.uz»ga.

Tadbirkor 100 mln dollarlik bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan 15 ta yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etganini va klasterni tugatish to‘g‘risidagi qaror qishloq xo‘jaligining katta texnikalar parkining ishlamay qolishiga olib kelgani, natijada bu uni bankrot qilishi mumkinligini ta’kidladi. Shu sababli, u avvalroq Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafayeva va boshqa mansabdor shaxslarni sudga bergan.

Sud arizani qisman qanoatlantirdi, hokimning xatti-harakatlari noqonuniy va Silver fiber agro kooperatsiyasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma haqiqiy emas deb topildi. Ammo hokim boshchiligidagi Xalq deputatlari viloyat kengashi sudining qaroriga qarshi chiqdi.

Bundan tashqari, 10 iyul kuni Qashqadaryo viloyat sudi hokimiyat va kooperatsiyaning murojaatnomasi hamda Qarshi tumani prokuraturasining noroziligi doirasida tuman sudining qarorini ko‘rib chiqishni boshladi.