Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi 59 yoshli fuqaro N. koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Umra safarida bo‘lib qaytgan 59 yoshli fuqaro joriy yil 25 mart kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. Bemor (ayol) shu yili 31 mart kuni sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Bemorda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, gipertoniya 3-bosqich, arterial gipertenziya 3-daraja, xavf o‘ta yuqori bo‘lganligi sababli kasallik og‘ir kechib, u 12 kun davomida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan.

Davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A.Xadjibayev rahbarligida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh pulmonologi, professor I.Liverko, yetakchi reanimatologlar D.Sobirov va X.Sattorov ishtirokida bir necha bor videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.

Ammo joriy yil 11 aprel kuni kechki payt bemorning ahvoli keskin yomonlasha boshlagan. Unga qator soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan shoshilinch reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Lekin standart asosida olib borilgan chora-tadbirlarga qaramasdan bemor N.da o‘tkir respirator disstres sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligi natijasida biologik o‘lim qayd etildi.

Koronavirusdan vafot etgan fuqarolar soni O‘zbekistonda to‘rt nafar, xorijda esa uch nafarni tashkil etmoqda.