27−28-dekabr kunlari Dushanbe shahrida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.

O‘zbekiston delegatsiyasini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon qabul qilib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda Tojikistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklif etilgan maktubini topshirdi.

Hukumatlararo komissiya majlisi O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Rustam Azimov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said raisligida o‘tdi.

Majlis natijalari tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida teng huquqli va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini yaqqol tasdiqladi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik xalqlarimizning asrlar davomida shakllangan yaqin qo‘shnichilik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash hamda kengaytirishga intilishini mujassam etadi.

Ikki mamlakat ham o‘zaro samarali hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va madaniy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor.

Komissiya majlisi amaliy, o‘zaro hurmat va hamfikrlik ruhida o‘tdi. Majlis doirasida o‘zaro hamkorlikka oid ko‘plab dolzarb masalalar, jumladan, iqtisodiyot, savdo, transport, sanoat, madaniyat, ta’lim, sport va sog‘liqni saqlash sohalaridagi aloqalarning asosiy parametrlari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishning asosiy prinsip va yondashuvlari muhokama etildi.

Tomonlar muhokama qilingan va boshqa masalalarni hal etish yo‘llarini belgilab oldi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini 2017-yil Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.