2024-yil 29-mart kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida shahvoniy shilqimlik qilgan navbatdagi haydovchi 5 sutkaga qamaldi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

Hujjatda qayd etilishicha, jabrlanuvchi ayol 2023-yil noyabr oyining 11 kuni soat 17:20 da Toshkent shahri Chilonzor tumani, “Xalqlar do‘stligi” saroyi oldida taksi to‘xtatib, Spark avtomobiliga o‘tirgan. Yo‘lda ketayotganida haydovchi X.O. (1994-yilda tug‘ilgan) ayolning qaddi-qomatini tavsiflab, oyog‘idan ushlab, turli xil gaplarni gapirgan.

Ayol X.O.ni gaplarini yozib olganini bildirib, suddan unga qonuniy chora ko‘rishni va ma’naviy zararni undirib berishni so‘rab, ko‘rsatuvlar bergan.

Sud majlisida huquqbuzar X.O. o‘sha kuni avtomashinasi mexanika bo‘lgani sabab, uzatmalar qutisi richagidan tezlikni o‘zgartirayotganda (skorostga urayotganida) yo‘lovchi ayolning oyog‘iga uning qo‘li silab o‘tganini bildirib, suddan ishni odilona ko‘rib chiqishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.

Sud X.O. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, unga 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Shuningdek, qamoqda bo‘lgan kunlari uchun undirilishi lozim bo‘lgan xarajatlarni to‘lashdan ozod qilindi.