Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 15 yoshli maktab o‘quvchisi mashina o‘g‘irlagani uchun 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Millar” teledasturi lavha efirga uzatdi, Toshkent shahar sudlari uni o‘z Telegram kanalida e’lon qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi mazkur yigitning ishini maktabda sayyor sud tartibida ko‘rib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro mashinasini yo‘qligini ko‘rib, ichki ishlarga murojaat qilgan. Mashina halokatga uchragan holatda topilgan. “Moddiy zarar qoplab bergandan so‘ng da’vom yo‘q”, — deydi mashina egasi.

“Amakim bilan urishib uydan chiqib ketgandim. Qaytib uyga kirgim kelmadi. Adashib sho‘xlik qildim. Boshqa qaytarilmaydi”, — deya holatga izoh berdi sudlanuvchi yigit.

Aniqlanishicha, o‘smir yigit bundan oldin ham 2 marta mashina olib qochgan. U bu haqdagi sudlovchining so‘rovini tasdiqladi.

Sud hukmiga ko‘ra, unga Jinoyat kodeksining 267-moddasining 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) va 85-modda (Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish) bilan aybdorlik e’lon qilinib, o‘smir 3 yilga ozodlikka mahrum qilindi. U jazoni tarbiya koloniyalarida o‘taydi.