Chirchiq shahri hokimi Davron Hidoyatov boshqa vazifada ish boshlashi kutilmoqda, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shu munosabat bilan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev uning kelgusi faoliyatiga omad tilagan. “Davron Hidoyatovga viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i topshirildi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Davron Hidoyatov 2021-yilning yanvar oyida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, mart oyida esa viloyat hokimi sifatida ish boshlagandi. Ammo shu yilning noyabr oyida lavozimidan ozod etilib (uning o‘rniga Zoyir Mirzayev kelgan), Chirchiq shahri hokimiyati rahbarligiga o‘tkazilgandi.

2023-yil fevral oyida Hidoyatovning sog‘lig‘i yomonlashgani sabab uning vazifasini bajarish vaqtincha hokim o‘rinbosari Jur’atbek Raxmonov zimmasiga yuklatilgan.

Uning hokimlik davrida Chirchiqda “aholining uy-joyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkinligiga ishonchi yo‘qolgan”, chunki, Zoyir Mirzayev so‘zlariga ko‘ra, tumanda uy-joy sotishda “shapka” va “otkat” olingan. Viloyat hokimi iyul oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Davron Hidoyatovni tanqid qilib, Chirchiq shahridagi ko‘chmas mulklarni sotishda korrupsion sxema mavjudligini ta’kidlagandi.

“Meni 85−90 foizi tayyor deb bir uyga olib kirdi janob hokim, 50 foiz ham tayyor emas. Beshinchi qavatga chiqqanidan keyin, o‘zi ham birinchi marta chiqdi beshinchi qavatga janob Hidoyatov, tili kalimaga kelmay qoldi”, — degandi Zoyir Mirzayev o‘shanda.